4-avgust kuni 71 yoshli ayol Seuldagi uyida hushsiz holatda topildi va keyinchalik shifoxonada vafot etdi. Shu kuni Cholla-Namdo viloyatida dalada ishlayotgan yana bir 78 yoshli ayol hayotdan ko'z yumdi. Umuman olganda, joriy yilning 4-avgust holatiga ko'ra, jazirama tufayli 14 kishi halok bo'ldi. Issiq havo tufayli shifoxonalarga 1690 ga yaqin odam murojaat qildi.
Bir necha kundan beri Koreya Respublikasi rasmiylari mamlakatning katta qismi bo'ylab jazirama yuz berishi haqida ogohlantirmoqda. 6-avgust kuni Ichki ishlar vazirligi bir qator hududlarda ob-havo “Selsiy bo'yicha 35 daraja va undan ko'proq issiq” ekanligini ta'kidlab, ochiq havoda sayr qilmaslikni, quyoshdan himoya qiluvchi soyabonlardan foydalanishni, dam olishni va yetarli miqdorda suv ichishni tavsiya etdi.
Meteorologiya xizmati 14-avgustga qadar butun mamlakat bo'ylab havo harorati o'rtacha darajadan yuqori – 30 dan 36 darajagacha bo'lishini bashorat qilmoqda, deb xabar beradi tass.ru.