Mazkur muddatidan avval ovoz berish koʻchma punkti Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Kvanju shahridagi vakolatxonasi huzurida tashkil etilgan 18-referendum uchastka komissiyasi tomonidan tashkil etildi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar natijalarini Bosh qomusimizda oʻz aksini topishini taʼminlash maqsadida olib borilayotgan siyosiy jarayonlarda ushbu shaharlarda vaqtincha istiqomat qilayotgan, mehnat faoliyatini olib borayotgan vatandoshlarimiz faol ishtirok etdi.
— Men Mokpo shahrida joylashgan “Xyunday Samo” kemasozlik zavodida ishlayman. Referendum oʻtkaziladigan kuni vaqtinchalik mehnat faoliyatida boʻlaman va shuning uchun muddatidan oldin ovoz berish jarayonida ishtirok etish uchun kelib, oʻzimning fuqarolik pozitsiyamni namoyon qildim, — dedi referendum jarayonida ishtirok etgan vatandoshimiz Yoʻldosh Donayev. – Vatandan olisda boʻlsakda, lekin mamlakatimizda davom etayotgan muhim siyosiy jarayonlarga befarq emasmiz. Konstitutsiyamizga kiritilayotgan oʻzgarishlar xalqimizning farovonligini yanada oshirish, yurtimizning rivojlanishini tezlashtirish, aholimizni qiynayotgan muammolarni bartaraf etishga xizmat qilishiga ishonaman.
— Yangilanayotgan Konstitutsiyamizda xorijda yashayotgan vatandoshlar masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilayotgani bizni juda quvontiradi, — deydi Janubiy Koreyada tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yurtdoshimiz Ahliddin Teshaboyev. — Xususan, 23-moddada davlat xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni saqlab qolish hamda rivojlantirish toʻgʻrisida xalqaro huquq normalariga muvofiq gʻamxoʻrlik qilishi aniq belgilangan. Bu albatta xorijdagi fuqarolarimizning huquq va erkinliklarini yanada mustahkamlashga, ularga gʻamxoʻrlik qilishga xizmat qiladi.
Muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari shuningdek Suvon shahrida ham davom ettirildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.