Mazkur tadbir Kemyong universiteti qoshidagi “Ipak yo'li va Markaziy Osiyo” ilmiy-tadqiqotlar markazi ko'magida O'zbekistonning Seuldagi elchixonasi, O'zbekiston yoshlar umumjahon assotsiatsiyasining Koreya Respublikasidagi vakolatxonasi hamda xorijdagi vatandoshlarimiz hamkorligida tashkil etildi.

Bayram tantanalarida Tegu shahri va Kemyong universiteti rahbariyati, mazkur oliy ta'lim dargohida tahsil olayotgan o'zbekistonlik va xorijlik talabalar, ushbu shaharda istiqomat qilayotgan vatandoshlar, madaniyat va san'at arboblari, jurnalistlar, shuningdek o'zbek madaniyatiga ixlosmand bo'lgan boshqa millat vakillari ishtirok etdi.

Ikki mamlakat madhiyalari sadosi ostida boshlangan tadbirning tantanali ochilish marosimida Kemyong universiteti rahbariyati va elchixona xodimlari so'zga chiqib, Navro'z o'zbek xalqining milliy qadriyatlarini o'zida mujassam ettirgan bayram ekanini, bugungi madaniy tadbirlar esa koreyalik yoshlarga O'zbekistonni yanadan yaqindan tanishi uchun yaxshi imkoniyat ekanini ta'kidladi.

Madaniyat festivali doirasida elchixona tomonidan mamlakatimiz tarixi, madaniyati urf-odatlari, san'ati, sayyohlik salohiyati hamda ikki mamlakat o'rtasidagi do'stona aloqalarga bag'ishlangan yirik ko'rgazma (showroom) ham tashkil etildi. O'zbekistonning boy madaniy me'rosi va turizm salohiyatini aks ettiruvchi kitob va qo'llanmalar, milliy liboslar, hunarmandchilik, zardo'zdlik, yog'och o'ymakorligi, ipakchilik mahsulotlari va boshqa xalq amaliy san'ati namunalari peshtaxtalardan joy oldi.

Shuningdek, tadbir davomida O'zbekistonning diqqatga sazovor sayyohlik yo'nalishlari, YUNESKO madaniy me'rosi ro'yxatidan joy olgan Samarqand, Buxoro, Xiva kabi shaharlar bag'rida joylashgan ko'hna me'moriy yodgorliklari, zamonaviy ko'ngilochar maskanlar, respublikaning turli viloyatlarida joylashgan ko'plab turizm ob'ektlari hamda o'zbek xalqining urf-odatlari, milliy taomlari, san'ati va boy madaniy me'rosi haqida hikoya qiladigan rang-barang foto va videomateriallar taqdim etildi.

Ishtirokchilarga vatandoshlarimiz tomonidan tayyorlangan tansiq bahoriy taomlar – ko'k somsa, ko'k chuchvara, sumalak, shuningdek o'zbek milliy pazandachiligining ko'rki bo'lgan palov tortiq etildi.

Tadbirga tashrif buyurgan mehmonlar O'zbekistonning boy madaniyati va san'atini yuqori baho berganlari barobarida o'z taasurotlarini ham o'rtoqlashdi.

– Mazkur festival Janubiy Koreya fuqarolariga O'zbekiston aholisining bahor faslidagi milliy bayramlarni nishonlashdagi jo'shqin madaniyati va qadimiy an'analarini ko'rgazmali tarzda namoyish etmoqda, dedi Kemyong universiteti qoshidagi “Ipak yo'li va Markaziy Osiyo” ilmiy-tadqiqot markazi direktori Chung Sun Kim. – Biz kelgusida ham hamkorlikda qator festivallarni birgalikda o'tkazishga tayyormiz. Zero, bunday tadbirlar xalqlarimizni bir-biriga yanada yaqinlashtiradi.

Tadbirda o'zbek milliy san'ati va madaniyatini o'zida aks ettirgan kontsert dasturi ham namoyish etildi. Janubiy Koreyada istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz tomonidan ijro etilgan o'zbek milliy qo'shiq va raqslari tadbirga tashrif buyurgan mehmonlarda unutilmas taassurot qoldirdi.

Festival doirasida shuningdek o'zbekistonlik rejissyorlar tomonidan suratga olingan “Tengiz”, “Faridaning ikki ming qo'shig'i”, “Rangsiz tushlar” hamda “Issiq non” milliy fil`mlarining namoyishi ham o'tkazildi.