Tadbir O'zbekiston Yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Koreya Respublikasidagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda o'tkazildi. Unda buyuk sarkardaning shonli tarixi va davlatchiligi haqida so'z bordi.
Ishtirokchilar tomonidan mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, tarixni puxta o'rganish, o'zining boy ma'naviy merosi va yorqin faoliyati bilan jahon uzra nom qozongan buyuk ajdodlarimiz xotirasini e'zozlash maqsadida keng ko'lamli ishlar amalga oshirilgani, xususan Amir Temur shaxsi, uning xalqimiz oldidagi xizmatlari yuksak qadr topgani ta'kidlandi.
Buyuk davlat arbobi, o'rta asrlar islohotchisi, sarkarda, adolat kurashchisi, bobokalonimiz Amir Temur insoniyat tarixidagi Ikkinchi uyg'onish davri asoschisi bo'lib, uning davrida ilm-fan, madaniyat va ta'lim mislsiz darajada yuksalgani aytildi. Shu ma'noda temuriylar davri merosini o'rganish Uchinchi Renessansga qadam qo'ygan O'zbekiston uchun g'oyat dolzarb ekanligi ta'kidlandi.
– Darhaqiqat, Amir Temur jahon tarixida qudratli va gullab-yashnagan davlat barpo etgan buyuk sarkarda va davlat arbobi sifatida tanilgan, - deydi Solbrij Xalqaro biznes maktabi magistranti Javohir Samijonov. – Amir Temurda Vatanni sevish, xalqini ulug'lash, undan faxrlanish va g'ururlanish singari oliy ma'naviy fazilatlar barq urib turgan. Shu bois ham sohibqiron bobomizni milliy an'ana va qadriyatlarimizni tiklash, o'zligimizni anglash borasidagi ulug'vor ishlarda xalqimizga ma'naviy kuch bag'ishlab kelayotgan ulug' siymolardan biridir, desam mubolag'a bo'lmaydi.
O'zbekiston Yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Koreya Respublikasidagi vakolatxonasi koordinatori Farhod Muhammadievning fikricha, Sohibqiron davrida barcha sohalar, xususan diplomatik munosabatlar ham izchil va jadal rivojlangan. «Saltanatdagi diplomatiya amaliyoti o'z davridagi boshqa hukumdorlar tomonidan olib borilgan diplomatik munosabatlardan tubdan farq qilgan. Amir Temur diplomatiya ilmining nazariy va amaliy asoslarini boyitgan va har bir davr va davlat rahbarlari uchun katta ahamiyatga ega bo'lgan maktab yaratgan. Ayniqsa Sharqda o'sha davrning boshqa qit'a va mintaqalardan farqli ravishda ham ilg'or, ham go'zal diplomatiya san'ati shakllangan. Shu bois o'sha davrdagi protokol, qabul marosimlarini o'rganish bugun juda katta ahamiyatga ega. Chunki tarixiy tajribadan bugun ijobiy foydalanish, unga o'sha tarix rakursida qarash, tegishli tarixiy saboqlar olish juda muhimdir», - dedi F.Muhammadiev.
Onlayn-tadbirda o'zbekistonlik talabalarga Amir Temur hayotidan hikoya qiluvchi videoroliklar namoyish etildi.