Tadbir Janubiy Koreya bozori dunyodagi yirik BPO (Business process outsourcing) va IT xizmatlari buyurtmachilaridan ekanligini inobatga olib, xalqaro IT va BPO bozorlarda Oʻzbekistonning salohiyatini yuksaltirish, Koreya Respublikasi bilan AKT sohasida yechimlarni birgalikda ishlab chiqish boʻyicha hamkorlikni kuchaytirish, ushbu sohada faoliyat olib borayotgan yetakchi kompaniyalarni Oʻzbekistonga keng jalb qilish, ular bilan BPO va IT-autsorsing sohasida tajriba almashish maqsadida Seul va Tegu shaharlarida tashkil etildi.

Koreya Respublikasining Kyongbuk Texnoparki bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda IT Park Uzbekistan delegatsiyasi tarkibida kelgan IT Parkning 10 ga yaqin mahalliy rezidentlari va Koreya Respublikasinig 60 dan ziyod yetakchi IT korxonalari hamda Kyongbuk Texnoparki vakillari ishtirok etishdi.

Uzbekistan IT Days dasturiga muvofiq IT Park hamda uning rezident korxonalari rahbar va vakillari tomonidan taqdimotlar oʻtkazildi. Janubiy Koreyaning ushbu sohadagi ilgʻor kompaniyalari vakillari bilan muzokaralar va V2V formatida uchrashuvlar tashkil etildi. Ushbu taqdimotlar davomida Oʻzbekistonda xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan ulkan sharoitlar, jumladan IT Park Uzbekistan faoliyati va uning rezidenti asosida faoliyat olib borish qulaylik va afzalliklari haqida ishtirokchilarga maʼlumot berildi.

Shu bilan birga, IT Park Uzbekistan va uning mahalliy rezident korxonalari vakillarining “Solarmy”, “Ptech”, “Ko-Mapper”, “Neokorea”, “Neo Information System”, “I-ON Communication” hamda IT sohasida faoliyat yuritayotgan Koreya Respublikasining bir qator ilgʻor kompaniyalari rahbar va vakillari bilan oʻtkazgan uchrashuvlarida tomonlar IT Park Uzbekistan hududida AKT sohasida oʻzaro hamkorlik qilish shartlari va istiqbollari yuzasidan keng muzokaralar olib bordilar.

Mazkur tadbir ishtirokchilar uchun IT sohasidagi taniqli shaxslar hamda asosiy oʻyinchilar bilan aloqa oʻrnatish hamda tajriba almashish yoʻlida muhim platforma boʻlib xizmat qildi.