Janubiy Koreyadagi vatandoshimizga “Turizm fidoyisi” koʻkrak nishoni topshirildi

    Turizm 22 Oktabr 2020 1982

    Oʻzbekistonning Koreya Respublikasidagi elchixonasida Seuldagi “Lazzat” restorani rahbari Mahmud Abdullayevga turizm sohasini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun “Turizm fidoyisi” koʻkrak nishoni topshirildi.

    Seul shahridagi “Lazzat” restorani 2013-yilda tashkil etilgan va mamlakat aholisi hamda chet ellik sayyohlar orasida oʻzbek milliy taomlarini targʻib qilish, shuningdek, yurtimizning gastronomik turizm salohiyatini keng yoyishga xizmat qilib kelmoqda. 2014-yil ushbu muassasa Janubiy Koreya turizm tashkilotining “turizm restorani” sertifikatini olgan boʻlib, sayyohlar uchun xizmat koʻrsatish huquqini qoʻlga kiritgan.

    Restoran mamlakatda oʻtkaziladigan turli xalqaro festivallar, jumladan, “Seoul International Fair”, “Itaewon Global Cultural Festival”, “Embassies Day in Seoul” va boshqa tadbirlarda oʻzbek milliy taomlarini munosib namoyish qilib kelyapti.

    Bundan tashqari, Oʻzbekistonning Janubiy Koreyadagi elchixonasi tomonidan Mustaqillik kuni, Navroʻz bayrami va boshqa milliy sanalar munosabati bilan tashkil etiladigan yirik tadbirlarda yurtimiz oshpazlik anʼanalarini taqdim qilish va respublika turizm salohiyatini tanitishga munosib hissa qoʻshib kelyapti.

    Restoran jamoasi hozirda Janubi-Sharqiy Osiyo, Yevropa va Amerika qitʼasidan Janubiy Koreyaga sayyohlarni jalb qiluvchi turistik kompaniyalar bilan hamkorlik shartnomalarini imzolab, ular tomonidan taklif etilgan turistlarga oʻzbek milliy taomlari orqali yurtimizni tanitish va kelajakda ularning mamlakatimizga sayohatlarini yoʻlga qoʻyish ustida ish olib boryapti, deb xabar beradi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi matbuot xizmati.