Janubiy Koreyadagi vatandoshlar bellashdilar

    Bu yerda Navro'z bayrami munosabati bilan futbol turniri tashkil etildi

    Navro'z bayrami munosabati bilan O'zbekiston elchixonasi tomonidan Janubiy Koreyaning Iychjonbu shahrida vatandoshlar o'rtasida futbol turniri tashkil etildi.

    Musobaqada ushbu davlatda vaqtincha istiqomat qilayotgan va oliy o'quv yurtlarida tahsil olayotgan o'zbekistonlik talabalar ishtirok etdi.

    Turnirda 12 ta jamoa g'oliblik uchun kurash olib bordi. Turnir g'olibligini qo'lga kiritgan "Dream Team" (birinchi o'rin), "O’zbegim" (ikkinchi o'rin) va "Pyontek-Posin" (uchinchi o'rin) jamoalarining a'zolari maxsus kubok, esdalik sovg'alar va diplomlar bilan taqdirlanishdi.

    Taqdirlash marosimida so'zga chiqqan elchixona vakillari barcha ishtirokchilarni bilan tabriklab, vatandoshlarga mamlakatimizdagi keng ko'lamli islohotlar, shu jumladan, respublikamizda yoshlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash yo'lida amalga oshirilayotgan ishlar hamda ularga yaratilayotgan sharoitlar haqida ma'lumot berildi.

    Bundan tashqari, sport tadbiri ishtirokchilariga joriy yilning 30 aprel` kuni O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2023-yil 10-martdagi hamda Oliy Majlis Senatining 14-martdagi qarorlariga muvofiq, "O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to'g'risida"gi O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasi bo'yicha O'zbekiston Respublikasining referendumi o'tkazilishi haqida ham ma'lumot berilib, har sohada yangilanib borayotgan yangi O'zbekiston ijtimoiy-siyosiy hayotida referendum muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi. YUrtdoshlarimiz ushbu muhim siyosiy tadbirda faol ishtirok etishga chaqirildi.

    Futbol turniri kuchli raqobat muhitida, shuningdek, samimiy va do'stona ruhda o'tdi.

    Musobaqa ishtirokchilari bu kabi sport tadbirlarini muntazam ravishda tashkil qilish xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar uchun katta e'tibor ekani, nafaqat ularning sog'lom hayot tarzini ta'minlashdagi o'rni, balki yurtdoshlarning bir-biri bilan yaqin muloqot o'rnatishida ko'prik vazifasini o'tashini ta'kidladi.

    Turnir yakunida ishtirokchilar dasturxon atrofiga taklif etilib, ularga milliy taomlarimiz - osh va ko'k somsa tortildi, deb xabar beradi "Dunyo" AA.