Janubiy Koreya-O‘zbekiston biznes assotsiatsiyasi direktorlar kengashi raisi Kim Chang Keon boshchiligidagi ishbilarmonlar delegatsiyasi Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Akmaljon Mahmudaliyev bilan uchrashdi.
Muloqotda o‘zaro manfaatli hamkorlikning istiqbollari borasida fikr almashildi. Tomonlar o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan aloqalar natijasida qishloq xo‘jaligi, sanoat ishlab chiqarish, taʼlim, favqulodda vaziyatlar bilan kurashish, shuningdek, viloyatda Janubiy Koreya standartlaridagi shaharsozlik normalarini joriy etish borasida amaliy natijalarga erishilayotgani qayd etildi.
Uchrashuv Janubiy Koreya bilan hamkorlikda viloyatda shahar infratuzilmasini rivojlantirish va maktabgacha taʼlim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirish uchun qulay imkoniyat yaratdi.
Samimiy va ishchanlik ruhida kechgan muloqot davomida aniq loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha atroflicha fikr almashildi. Xususan, tez orada Guliston shahrida qator afzalliklarga ega bo‘lgan «aqlli shahar» barpo etish loyihasi ham muhokamalar markazida bo‘ldi.