JARda sovuq ob-havo tufayli kamida 57 kishi hayotdan ko'z yumdi

    JARda oxirgi uch kun ichida qor, kuchli yomg'ir va suv toshqinlari tufayli kamida 57 kishi halok bo'ldi.

    Bu haqda Janubiy Afrikaning kooperativ boshqaruv va an'anaviy ishlar vaziri Velinkosi Xlabisa ma'lum qildi va ularning aksariyati Sharqiy Keyp viloyatida halok bo'lganini qo'shimcha qildi.

    “Noqulay ob-havo tufayli halok bo'lganlar soni 57 nafar. Bedarak yo'qolganlar bor. Qurbonlar soni ortishi mumkin, chunki qidiruv-qutqaruv ishlari olib borilmoqda”, dedi vazir mahalliy telekanallar tomonidan efirga uzatilgan brifingda. Xlabisa Sharqiy Keypning bir qator hududlarida yuzaga kelayotgan vaziyatni “logistika jihatdan dahshatli holat” deb atadi. Avvalroq rasmiylar 49 kishi halok bo'lganini e'lon qilgan edi. O'limlarning aksariyati OR Tambo munitsipalitetida qayd etilgan, u erda kuchli yomg'ir Matata daryosida suv toshqini keltirib chiqargan.

    Vazirning aytishicha, hukumat jabrlanganlarga yordam berish uchun favqulodda choralar ko'rmoqda. Sharqiy Keyp va Kvazulu-Natal viloyatlarida bir necha ming oila boshpanasiz qoldi. Har ikki viloyatda ko'plab uylar vayron bo'lgan, 150 dan ortiq maktab zarar ko'rgan, darslar to'xtatilgan. Sharqiy Keyp hukumati markaziy hukumatni tabiiy ofatlarga qarshi milliy jamg'armalardan foydalanish uchun viloyatda favqulodda holat e'lon qilishga chaqirdi.

    JAR Prezidenti Siril Ramaposa juma kuni Sharqiy Keyp va Kvazulu-Natalning zarar ko'rgan hududlariga tashrif buyuradi. Ramafosa fuqarolarni qiyin ob-havo sharoitida bir-birlariga yordam berishga chaqirgan edi, deb xabar beradi tass.ru.