Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi.
Deputatlar majlisda “Yoʻl harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi va Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi koʻrib chiqdi.
Qonun loyihasi bilan yoʻl-transport hodisalarining oldini olish, qoʻpol qoidabuzarliklar sodir etgan shaxslarga nisbatan jazo muqarrarligini taʼminlash, transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum boʻlgan shaxs tomonidan transport vositasini takroran boshqarish uchun jinoiy javobgarlikni belgilash nazarda tutilmoqda.
Transport vositasi haydovchilari tomonidan doimiy ravishda qoidabuzarlik sodir etganlik uchun jarima ballari hisoblash tizimini joriy etish ham belgilanmoqda. Yaʼni, ushbu norma bilan hisoblangan jarima ballari bir yil davomida oʻn ikki balldan oshgan hollarda oxirgi sodir etilgan huquqbuzarlik uchun qoʻshimcha jazo tariqasida haydovchini transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilinish tartibini joriy etish taklif qilinmoqda.
Mazkur tartibga muvofiq, haydovchi bir yil davomida yoʻl harakati qoidalari bilan bogʻliq huquqbuzarliklarni sodir etish yoʻli bilan belgilangan miqdordagi jarima ballarini toʻplagan taqdirda unga nisbatan transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosi qoʻshimcha jazo sifatida qoʻllanishi belgilanmoqda.
Majlisda taʼkidlanganidek, qonun loyihasi bilan transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosini sudlar tomonidan qoʻllanishini inobatga olib, Yoʻl harakati qoidabuzarliklari boʻyicha hisoblanadigan jarima ballari belgilangan miqdordan oshganlik uchun maʼmuriy jazosini jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudi tomonidan qoʻllash tartibi ham taklif qilinmoqda.
Bundan tashqari, siqilgan tabiiy gazda, suyultirilgan neft gazida ishlaydigan transport vositalar bilan bogʻliq hodisalar boʻyicha alohida moddalar bilan maʼmuriy va jinoiy javobgarlikni belgilash nazarda tutilmoqda.