Maʼlumki, Respublika maxsus komissiyasining 2020-yil 9-iyuldagi qarorida harakatlanish uchun maxsus ruxsatnomalar talab etilmaydigan xizmat avtotransport vositalari roʻyxati bayon etilgan edi. Ushbu roʻyxatga sud tizimi ham kiritilgan.

Biroq jinoyat ishlari boʻyicha Jarqoʻrgʻon tumani sudining raisi Ya.Bekkamov hamda haydovchi R.Rahimnazarov shu sudga biriktirilgan xizmat avtotransport vositasida, Jarqoʻrgʻon tumani maʼmuriy sudining raisi X.Rahimova hamda haydovchisi shu sudga biriktirilgan xizmat avtotransport vositasida tuman sudi binosi tomon harakatlanib kelayotganida, tuman markaziga kiraverishda blok postda toʻxtatilgan va postdan oʻtkazilmagan.

Shu vaqtda postda boʻlgan tuman hokimi Z.Davlatov boshchiligidagi ishchi guruh postdan oʻtish uchun navbat kutib turgan tirband fuqarolar oldida sudya va sud xodimlarini obroʻsizlantirishga uringan. Ularga qoʻpollik qilib, avtomashina kalitini olib qoʻyib, sud xodimini vaqtincha ushlab turish hibsxonasiga qamab qoʻygan.

Yuqoridagi holatlar boʻyicha sud xodimlariga qasddan yengil tan jarohati yetkazish, sudya va sud xodimlarini obroʻsizlantirish, sudyaning xizmat avtomashinasi daxlsizligini buzish va boshqa holatlarga qonuniy baho berish uchun toʻplangan hujjatlar Surxondaryo viloyati prokuraturasiga yuborilgan.

Mazkur holatga qonuniy baho berilishi senatorlik nazoratiga olindi.

Odiljon Iminov,
Oliy Majlis Senati
Byudjet va iqtisodiy islohotlar
masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari.