«Jasliq»dagi yongʻin bilan tugagan YTHda haydovchi vafot etdi

    Xavfsizlik 28 Iyul 2020 865

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qoʻngʻirot tumanida chet el fuqarolari ishtirokidagi YTH sodir boʻlgan.

    2020-yil 23-iyul soat 18:05 da 26 yoshli haydovchi oʻzining boshqaruvidagi “DAF FT XF 105” rusumli yuk avtomashinada Qoʻngʻirot tumani “Jasliq” posyolka hududidan oʻtuvchi A-380 avtomobil yoʻlining 1009-1010 kilometrlari oraligʻida harakatlanib ketayotganida, avtomashina boshqaruvini yoʻqotib, ushbu yoʻlning qarama-qarshi tomoniga oʻtib ketib, qarama-qarshi yoʻnalishda harakatlanib kelayotgan “VOLVO” rusumli yuk avtomashinasining chap yon tomoniga borib urilib, ushbu yuk avtomashinadan keyin harakatlanib kelayotgan boshqa “VOLVO” rusumli yuk avtomashinasining oldi tomoniga urilib, YTH sodir etgan.

    Ushbu yoʻl-transport hodisasi oqibatida “DAF FT XF 105” rusumli yuk avtomashinasi hamda, ikkinchi “VOLVO” rusumli yuk avtomashinalarida yongʻin kelib chiqib, har ikkala yuk avtomashinasi butunlay yonib ketgan.

    Ikkala “VOLVO” rusumli yuk avtomashinalari haydovchilari ham Ukraina Respublikasi fuqarolari boʻlib, ularning biri 32, ikkinchisi 29 yoshdaligi maʼlum boʻlgan.

    Natijada, YTH sodir etgan “DAF FT XF 105” rusumli yuk avtomashinasi haydovchisi hodisa sodir boʻlgan joyda vafot etgan.

    Mazkur holat yuzasidan Qoʻngʻirot tumani IIB huzuridagi Tergov boʻlinmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (odam oʻlimiga olib kelgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti.