Javohir Sindorov Jahon kubogi finaliga chiqdi va Nomzodlar turniriga yoʻllanma qoʻlga kiritdi

    Sport 24 Noyabr 2025 1419

    19 yoshli oʻzbek shaxmatchisi Javohir Sindorov FIDE Jahon kubogi–2025 yarim finalida tay-bekda gʻalaba qozonib, musobaqaning bosh finaliga chiqdi. U shu bilan birga 2026-yilgi Nomzodlar turnirida ishtirok etish huquqini ham qoʻlga kiritdi.

    FIDE Jahon kubogi–2025 musobaqasida oʻzbekistonlik shaxmatchilar muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. Boshlangʻich bosqichda yurtimiz sharafini himoya qilgan 5 nafar sportchidan 3 nafari — Suyarov Muhammadzohid, Nodirbek Abdusattorov va Shamsiddin Vohidov musobaqani muddatidan oldin tark etgan edi.

    21–22-noyabr kunlari yarim final bosqichida ikki hamyurtimiz — Nodirbek Yakubboyev (2689 reyting, 37-oʻrin) va Javohir Sindorov (2721 reyting, 25-oʻrin) oʻrtasidagi ikki partiya 1:1 hisobi bilan durrang yakunlangandi. Shuningdek, Xitoy vakili Vey I (2752 reyting, 11-oʻrin) hamda rossiyalik Andrey Yesipenko (2681 reyting, 41-oʻrin) bahsi ham durrang boʻlgan.

    23-noyabr kuni boʻlib oʻtgan tay-bek uchrashuvlarida Javohir Sindorov Nodirbek Yakubboyevni 2,5:1,5 hisobi bilan magʻlub etib, Jahon kubogi–2025 musobaqasining dastlabki finalchisiga aylandi.

    Bu yuksak natija tufayli 19 yoshli shaxmatchimiz 2026-yilda oʻtkaziladigan FIDE Nomzodlar turniriga ham yoʻllanma oldi. U endilikda jahon chempioni unvoni uchun kurash olib borish imkoniyatiga ega boʻladi.