“Jayron” eko-turistik obyektini rivojlantirish ishlari boshlandi

    Turizm 8 Sentabr 2020 1788

    Ushbu eko-turistik obyektni rivojlantirish ishlari pitomnik imkoniyatlarini oshirish va sayyohlar hamda mahalliy mehmonlar tashrifi uchun qulay sharoit yaratishga yoʻnaltirilgan.

    Soʻnggi uch yilda turizm tarmoqlari va turistik obyektlar safini kengaytirishga katta eʼtibor qaratilmoqda, Buxoroda ham bu kabi manzillar safi tobora ortib bormoqda. Jumladan, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Narzullo Oblomurodovning Buxoro viloyatiga tashrifi davomida masʼullar bilan birgalikda viloyatining “Jayron” pitomnigida ekologik turizm obyektini tashkil etish va rivojlantirish borasida soʻz yuritdi.

    Tamal toshini qoʻyish marosimiga shuningdek Buxoro va Qorovulbozor tumanlari hokimlari hamda Ekologiya qoʻmitasining Binolar ekspluatatsiyasi va kapital taʼmirlash direksiyasi boshligʻi E.Nabiyev taklif etildi.

    Yangi obyekt mehmonxona, muzeylar va 25 kishini sigʻdira oluvchi konferens-zallarni oʻz ichiga oladi. Bundan tashqari, pitomnik faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida qoʻriqxona ilmiy xodimlari uchun laboratoriya binosini qurish ishlari boshlandi. Taʼkidlash lozimki, joriy yilning yoz mavsumida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi Aziz Abduhakimov viloyatga tashrifi doirasida ishchi guruh bilan mazkur “Jayron” qoʻriqxonasiga borib, u yerning sayyohlik mavsumiga tayyorgarligini koʻzdan kechirib, zarur taklif va tavsiyalarini bergan.

    Ayni damda masʼullar butun respublika boʻylab ekoturizmni rivojlantirish yoʻlida zarur ishlarni olib borishmoqda.