Maʼlumki, oʻtgan hafta Oʻzbekistonga Eron hududlaridan issiq va quruq havo oqimi kirib kelishi natijasida 17-iyuldan boshlab yurtimizda yuqori harorat kuzatilmoqda.
Soha mutaxassislari ushbu jazirama hafta davomida saqlanib qolishi, xususan, 21-23-iyul kunlari mamlakatimizda kunduzi harorat 43-45 darajagacha, shimol, janub va choʻl hududlarida esa 47 darajagacha koʻtarilishini taxmin qilyapti.
Albatta bunday noqulay iqlim, eng avvalo, surunkali kasalligi boʻlgan, dispanser nazoratida turuvchi bemorlar, yosh bolalar, homilador ayollar va keksalar salomatligi uchun xavf tugʻdirishi mumkin.
Shu bois, ular sogʻligini alohida tibbiy nazoratga olish, zarurat boʻlganda oʻz vaqtida shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish lozim. Ayniqsa, issiq havoda surunkali xastaliklar xuruj qilishini eʼtiborga olsak, “Tez yordam” xizmati xodimlari zimmasiga bu borada alohida masʼuliyat yuklanadi.
— Yurtimizda anomal issiq boshlangan 17-iyuldan bugun, 20-iyul soat 06:00 ga qadar Respublika tez tibbiy yordam xizmatiga jami 130 ming 115 ta chaqiriq kelib tushdi, — deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Tez tibbiy yordam xizmatini muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik markazi rahbari Davlatbek Yuldashev.
— Murojaatchilarning 23 ming 421 nafarini qon bosimi koʻtarilishi, nafas yetishmovchiligi, astma xurujlari va boshqa surunkali kasalliklari boʻlgan bemorlar tashkil etdi. Ularning 4215 nafari esa gospitalizatsiya qilindi.
Qolaversa, ushbu sanalarda Toshkent shahar “103” xizmatiga jami 11 ming 821 ta chaqiriq kelib tushgan. Murojaatlarning 4 ming 235 nafarini qon bosimi koʻtarilishi, nafas qisishi, astma va boshqa kasalliklar boʻyicha bemorlar tashkil etdi. Ularning 2 ming 185 nafari esa davolanish uchun shifoxonalarga yotqizilgan.
Maʼlumot oʻrnida aytish lozimki, yurtimizda jazirama havo kuzatilayotgani bois Sogʻliqni saqlash vazirligining alohida nazorati yoʻlga qoʻyildi.
Xususan, yurtimizdagi 1010 ta poliklinika, 923 ta oilaviy shifokor punktida patronaj xizmatlari kuchaytirilib, surunkali kasalliklarga chalingan yotoq sharoitidagi bemorlarga oʻz vaqtida zarur tibbiy yordam koʻrsatilmoqda.
Shuningdek, mamlakatimiz boʻylab 2762 ta tez tibbiy yordam brigadasi aholidan boʻladigan chaqiriqlar uchun doimo shay holatda.
Shu oʻrinda Sogʻliqni saqlash vazirligi zarurat boʻlmasa, aholidan jazirama payti tashqariga chiqmaslikni, tez-tez suyuqlik ichish, imkon qadar yogʻli, dudlangan taomlar tanovul qilmaslik, aksincha, koʻproq meva va sabzavotlar isteʼmol qilishni tavsiya etadi.