Majburiy ijro byurosining Yashnobod tuman boʻlimi ish yurituvida fuqarolik ishlari boʻyicha Toshkent shahar Mirobod tumanlararo sudining 08.06.2019-yildagi sud buyrugʻiga asosan qarzdor S.Saidovdan undiruvchi D.Saidova foydasiga uch nafar voyaga yetmagan farzandlari taʼminoti uchun 1/2 qismi miqdorida aliment va 2 nafar farzandi uch yoshga yetguniga qadar 1.000.000 soʻmdan har oyda qatʼiy moddiy taʼminot undirish toʻgʻrisidagi 16.06.2019-yilda Oʻzbekiston Respublikasi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Qonunining 23-moddasiga asosan ijro ishi yuritish qoʻzgʻatilgan.
Olib borilgan ijro harakatlari davomida qarzdor aliment pullarini toʻlashdan boʻyin tovlab kelgan, oqibatda 40 mln. soʻm alimentdan qarzdorlik yuzaga kelganligi sababli unga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 47-4-moddasiga asosan maʼmuriy javobgarlikka tortish yuzasidan bayonnoma rasmiylashtirilib, toʻplangan hujjatlar Yashnobod tuman maʼmuriy sudiga taqdim etilgan.
Soʻngra, Yashnobod tuman maʼmuriy sudining qaroriga asosan qarzdorga nisbatan 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan.
Qarzdor maʼmuriy javobgarlikka tortilgandan soʻng ikki oy muddat davomida aliment pullarini yana tulamay kelsa unga nisbatan jinoiy javobgarlik masalasi koʻrilishi yuzasidan ogohlantirilgan.
Yuqoridagilarga asosan, maʼmuriy qamoqdan soʻng toʻgʻri xulosa chiqargan ota 40 mln. soʻm aliment pullarini toʻladi.