Yakshanba kuni oʻtkazilayotgan deputatlik saylovida qamoqda va ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan 40 468 kishi ishtirok etadi.
Bu haqda Toshkentdagi matbuot anjumanida Oʻzbekiston ichki ishlar vaziri oʻrinbosari Bekmurod Abdullayev maʼlum qildi.
Uning aytishicha, qamoqda saqlash va jazoni ijro etish joylarida jami 48 ta saylov uchastkasi tashkil etilgan.
Eslatib oʻtamiz, oʻtgan yili yangilangan Konstitutsiya ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar uchun qamoq jazosini oʻtayotgan, shuningdek, muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslarga saylovlarda ovoz berishni koʻzda tutadi. Ushbu fuqarolarning ovoz berish huquqi faqat sud qarori bilan cheklanishi mumkin.
Saylovoldi tashviqoti davrida deputatlikka nomzodlar va ularning ishonchli vakillari jazoni ijro etish joylarida 100 dan ortiq tadbir oʻtkazishgan.