Jamshid Sultonov, Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi Tarbiyaviy va ijtimoiy psixologik ishlarni tashkil etish boshqarmasi boshligʻi, podpolkovnik:

Bugungi kunda 43 ta jazoni ijro etish muassasasi va 11 ta tergov hibsxonasi mavjud. Ularning 18 tasi yopiq turdagi koloniya va 25 tasi manzil-koloniya hisoblanadi.

Jazoni ijro etish tizimidagi koloniyalarning sigʻimiga nisbatan saqlanayotgan shaxslar 56,4 foizni, boʻsh oʻrinlar 43,6 foizni tashkil qiladi.

Soʻngi toʻrt yilda jazo muddatini oʻtayotgan shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlari doirasini yana-da kengaytirishga qaratilgan 3 ta qonun, 5 ta Prezident qarori, 8 ta Hukumat qarori va farmoyishlari, 14 ta boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Mahkumlar uchun yaratilgan sharoitlar:

▫️ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan hamda uncha ogʻir boʻlmagan jinoyat sodir etgan shaxslarga ilk marotaba saylash huquqi berildi;

▫️BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan “Mahkumlar bilan muomala qilishning minimal standartlari qoidalari” qonunchiligimizga implementatsiya qilindi;

▫️yopiq turdagi muassasalarida saqlanayotgan shaxslarning yaqin qarindoshlari bilan telefon soʻzlashuvlari, uchrashuvlari va joʻnatma qabul qilishlari soni qariyb ikki barobarga koʻpaytirildi;

▫️ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning ruhiy holati buzilgan vaqtda sodir etgan tartibbuzarligi uchun intizomiy jazo choralari qoʻllanilmasligi kafolatlandi;

▫️shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj shaxslarni Sogʻliqni saqlash vazirligining hududiy muassasalariga joylashtirish qonunan mustahkamlandi;

▫️manzil-koloniyalarda jazo muddatini oʻtayotgan mahkumlarga pensiya va ijtimoiy sugʻurta toʻlash huquqi berildi;

▫️mahkumlarning jazo muddatini oʻtash davomida shaxsiy xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan choralar kengaytirildi;

▫️adolatli mezonlar asosida mahkumlarga ragʻbatlantirish choralarini qoʻllashni alohida tartibi belgilandi. Bu borada jazoni ijro etish muassasalarida jamoatchilik vakillari, Ombudsman, xalq deputatlari hududiy kengashlaridan iborat maxsus Komissiyalar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

▫️mahkumlarni tarbiyalashda ularning ota-onalari roli kuchaytirilib, voyaga yetmagan mahkumlarning ota-onalari bilan uchrashuvlariga nisbatan cheklovlar olib tashlandi;

▫️mahkuma ayollarning bolalar uyida tarbiyalanayotgan voyaga yetmagan farzandlari bilan uchrashuvlarining alohida tartibi joriy etildi.

«Jazoni ijro etish tizimi faoliyatida maxfiy hisoblangan ayrim maʼlumotlar ochiq maʼlumotlar roʻyxatiga kiritildi.

Kasbi boʻlmagan 1118 nafar mahkum mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan hunarlarga oʻrgatilib, tegishli serifikatlarga ega boʻldi.

Voyaga yetmagan mahkumlarni saqlash uchun moʻljallangan tarbiya koloniyasida jazo muddatini oʻtayotgan tarbiyalanuvchilar uchun “V” toifasi boʻyicha haydovchilik kurslari tashkil etildi. Hozirga qadar voyaga yetmagan mahkumlardan 25 nafari “V” toifasi boʻyicha haydovchilik kurslariga oʻqitilib, haydovchilik guvohnomalariga ega boʻldi».