Jeneva konvensiyalari oʻzbek tilida nashr etildi

    Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi hamkorlar bilan birgalikda Jeneva konvensiyalari va ularga qoʻshimcha protokollar qabul qilinganining 75-yilligiga bagʻishlangan tadbir oʻtkazdi. Shu yerda mazkur xalqaro hujjatlarning lotin imlosidagi oʻzbek alifbosida chop etilgan yangi nashri taqdimoti ham boʻlib oʻtdi.

    Tadbir Shveysariya Konfederatsiyasining Oʻzbekistondagi elchixonasi va Xalqaro Qizil Xoch Qoʻmitasining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

    Jeneva konvensiyasi va unga qoʻshimcha protokollarning oʻzbek tilida nashr etilishi xalqaro gumanitar meʼyorlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, mutaxassislar, davlat xizmatchilari, ilmiy hamjamiyat va keng jamoatchilik oʻrtasida huquqiy xabardorlikni oshirish imkonini beradi. Bu mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish va xalqaro gumanitar huquq sohasidagi huquqiy asoslarni mustahkamlashga xizmat qiladi.

    Tadbirda yetmishdan ortiq ishtirokchi, jumladan tegishli vazirlik va idoralar, parlament, nodavlat tashkilotlar, ilmiy hamjamiyat, diplomatik korpus, xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashdi.

    Inson huquqlari boʻyicha milliy markaz direktori Akmal Saidov taʼkidlaganidek, Oʻzbekiston xalqaro huquqning asosiy tamoyillariga va inson huquqlariga soʻzsiz rioya etishga sodiqdir. Oʻzbekiston Jeneva konvensiyalari va ularning qoʻshimcha protokollarini ratifikatsiya qilib, bu xalqaro-huquqiy hujjatlar qoidalarini milliy huquqiy tizim bilan uygʻunlashtirish, shuningdek, keng koʻlamli maʼrifiy ishlarni amalga oshirish majburiyatini olgan.

    Xususan, yoshlarni barqaror kelajakning kafolati sifatida tarbiyalash, davlat institutlari, Qurolli Kuchlar, huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar va keng jamoatchilik oʻrtasida gumanitar huquq meʼyorlari haqidagi bilimlarni yoyishga doimiy eʼtibor qaratilmoqda.

    Xalqaro Qizil Xoch Qoʻmitasining Markaziy Osiyo boʻyicha vakolatxonasi rahbari Bilyana Miloshevich oʻz nutqida Jeneva konvensiyalarining BMTga aʼzo barcha davlatlar tomonidan ratifikatsiya qilinishi qurolli mojarolarning inson hayotiga halokatli taʼsirini cheklash uchun aniq qoidalar oʻrnatish zarurligini umumeʼtirof etishning ishonchli dalili ekanligini taʼkidladi.

    B.Miloshevich xalqaro gumanitar huquq zamonaviy qurolli mojarolarning yangi tahdidlariga moslashishda davom etayotganini qayd etdi. U oʻzining jangovar harakatlarda ishtirok etmayotgan shaxslarni himoya qilish, urush olib borish vositalari va usullarini cheklash, favqulodda sharoitlarda ham insonparvarlik tamoyillarini saqlab qolish, mojarolarning uzoq muddatli oqibatlarini kamaytirish hamda yarashish va barqaror tinchlik uchun shart-sharoitlarni taʼminlashdan iborat asosiy vazifalariga qatʼiy amal qilmoqda.

    Tadbir davomida Shveysariya Konfederatsiyasining Oʻzbekiston Respublikasidagi elchisi Konstantin Obolenskiy aytganidek, Jeneva konvensiyalarining maqsadi barcha qurolli mojarolarda rioya etilishi shart boʻlgan minimal gumanitar standartlarni belgilash orqali urush shafqatsizligini yumshatishdir.

    Diplomat taʼkidlaganidek, Jeneva konvensiyalari insoniyatga xizmat qilishdek umumjahoniy majburiyatni oʻzida mujassamlashtirgan boʻlib, turli vaziyatlardan qatʼi nazar, har bir insonga qadr-qimmat, xavfsizlik va rahm-shafqat kafolatlanishi kerak boʻlgan mustahkam tamoyillarni eslatib turadi. Shu nuqtayi nazardan, ayni Konvensiyalar xalqaro huquqning fundamental qadriyatidir.

    Elchi Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro gumanitar huquq tamoyillarini ommalashtirish va joriy etishga sodiqligini yuqori baholadi. Bu mamlakatning gumanistik qadriyatlar va inson huquqlarini milliy va xalqaro darajada mustahkamlashga intilishini tasdiqlashini eʼtirof etdi.

    Tadbir yakunida ishtirokchilar xalqaro gumanitar huquq sohasidagi dolzarb masalalarni hal etish va uning qoidalarini milliy darajada mustahkamlashga qaratilgan hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

    Muhokamalar davomida bir qator amaliy takliflar ilgari surildi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Akademiyasida Jeneva konvensiyalari va Qoʻshimcha protokollar taqdimotini oʻtkazish, ushbu hujjatlarning oʻzbek tilidagi nashri adadini koʻpaytirish, aholining xalqaro gumanitar huquq tamoyillari va ahamiyati haqida xabardorligini oshirishga qaratilgan qoʻshma tadbirlarni uyushtirish boʻyicha fikrlar bildirildi.

    Ushbu tashabbuslar xalqaro gumanitar huquqqa hurmat madaniyatini mustahkamlash, uni amalda qoʻllashni kengaytirish va Jeneva konvensiyalari asosida oʻz mujassamini topgan insonparvarlik qadriyatlarini ilgari surishga xizmat qiladi.

    Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi

    Milliy markazi matbuot xizmati.