Jenevada Oʻzbekistonning inson huquqlarini himoya qilish borasidagi chora-tadbirlari baholandi

    Xalqaro hamkorlik 13 Noyabr 2023 998

    Ushbu baho BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashi Universal davriy sharh boʻyicha ishchi guruhining 44-sessiyasida Oʻzbekistonning 4-milliy maʼruzasi koʻrib chiqilishi asnosida yangradi.

    Oʻzbekiston inson huquqlari boʻyicha xalqaro majburiyatlarini bajarish borasida samarali choralar koʻrib kelyapti.

    Bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish, bolalar va ayollar huquqlarini himoya qilish, qiynoqlarga qarshi kurashish hamda inson huquqlarini himoya qilishning boshqa yoʻnalishlari shular jumlasidandir.

    Oʻzbekistonning 4-milliy maʼruzasi koʻrib chiqilishiga bagʻishlangan sessiyada ishtirok etish uchun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha milliy markaz direktori Akmal Saidov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi 2023-yil 8-10-noyabr kunlari Jenevada boʻldi.

    Oʻzbekiston BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining Universal davriy sharh boʻyicha ishchi guruhi tomonidan oʻtkaziladigan sessiyada milliy maʼruzalari koʻrib chiqiladigan 14 davlatdan biri hisoblanadi.

    Oʻzbekistonning milliy maʼruzasi yuzasidan 84 ta davlat vakillari soʻzga chiqdi. Deyarli barcha delegatsiyalar vakillari Oʻzbekiston tomonidan Universal davriy sharh boʻyicha 2013 va 2018-yillarda boʻlib oʻtgan muhokamalar davrida berilgan tavsiyalarni izchil bajarish, BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi bilan ochiq va amaliy muloqotni rivojlantirish boʻyicha qoʻyilgan amaliy qadamlarni ijobiy baholadilar.

    Bir qator davlatlar Oʻzbekistonda insonning asosiy huquqlari va erkinliklarini kafolatlashga qaratilgan konstitutsiyaviy islohot oʻtkazilganini olqishladi.

    Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi va “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi misolida mamlakatning inson huquqlarini ragʻbatlantirish va taʼminlashga hamda bu sohadagi xalqaro majburiyatlarini bajarishga sodiqligi yaqqol namoyon boʻlayotgani alohida taʼkidlandi.

    Shuningdek, Oʻzbekistonning inson huquqlarini himoya qilishga ixtisoslashgan BMT tuzilmalari bilan hamkorlikni rivojlantirish va kengaytirish borasidagi saʼy-harakatlari eʼtirof etildi.

    Oʻzbekistonning, ayniqsa, paxta terimi davrida bolalar mehnati va majburiy mehnatiga barham berish, shuningdek, odam savdosiga qarshi kurashish borasidagi yutuqlari BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashiga aʼzo mamlakatlar tomonidan ijobiy baholandi.

    Milliy maʼruza muhokamasi davomida Oʻzbekiston tomonidan: BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish; bolalar huquqlarini himoya qilish, Bolalar ombudsmanini taʼsis etish, onalar va bolalar oʻlimini kamaytirish; inson huquqlari sohasidagi taʼlimning uzluksiz tizimini shakllantirish; ayollar huquqlari va gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlikning oldini olish; soʻz va ommaviy axborot vositalari erkinligini qoʻllab-quvvatlash; korrupsiyaga qarshi kurash olib borish; qiynoqlarga qarshi kurashish kabi sohalarda koʻrilayotgan choralarning samaradorligi eʼtirof etildi.

    Sessiya ishtirokchilari Oʻzbekiston Hukumatining nogironligi boʻlgan insonlar huquqlarini taʼminlash va ularga imkoniyatlarni yanada kengaytirish masalalariga qaratayotgan eʼtiborini hamda Oʻzbekiston tomonidan Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya ratifikatsiya qilinganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

    Muhokamalar chogʻida Oʻzbekistonning qator xalqaro shartnomalarga qoʻshilishi yuzasidan ayrim davlatlar tomonidan tavsiyalar berildi.

    Aksariyat davlatlar Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarni qoʻllab-quvvatladi.

    Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi
    Milliy markazining matbuot xizmati.