Jennifer Lopes konsertidan Toshkent shahriga 42,5 mlrd soʻmdan ziyod soliq tushumi tushdi

    Konsert munosabati bilan Oʻzbekistonga 15 330 nafar xorijiy sayyoh keldi, ulardan 8945 nafari rossiyalik, 2495 nafari qozogʻistonlik, shuningdek, AQSH va yevropalik mehmonlar hisoblanadi.

    Gazeta.uzning Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi bergan maʼlumotlarga tayanib xabar berishicha, Jennifer Lopesning Toshkentdagi konserti 31 144 kishi tashrif buyurdi. Konsertga 25 ming chipta sotilgan boʻlsa, uning 67 foizini xorijliklar sotib oldi. Oʻzbekistonga 15 330 nafar xorijiy sayyoh keldi, ulardan 8945 nafari rossiyalik, 2495 nafari qozogʻistonlik, shuningdek, AQSH va yevropalik mehmonlar hisoblanadi.

    “Oʻzbekiston 24” telekanalining xabar berishicha, chiptalar narxi 1 million soʻmdan 4,2 million soʻmgacha farq qilgan. Shu tariqa konsertdan potensial daromad 25 mlrd ($1,97 mln) dan 105 mlrd soʻm ($8,28 mln) oraligʻida baholanmoqda.

    Jamgʻarmaning taʼkidlashicha, konsertni tashkil etish uchun davlat byudjetidan mablagʻ ajratilmagan. CA Entertainment chiptalarni sotish uchun javobgar boʻlgan.

    Konsert davomida poytaxt mehmonxonalarining bandlik darajasi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 25,7 foizga oshgan. 7-avgust kuni Chilonzor metro liniyasida yoʻlovchilar oqimi 16,5 ming kishiga koʻpaygan.

    Mehmonlarga qulaylik yaratish maqsadida 4 ta bepul avtobus qatnovi tashkil etilgan. Shouni tayyorlash va oʻtkazishda 115 ta tashkilot ishtirok etdi, 18 ta fud-kort va savdo nuqtasi ishlagan.

    Jamgʻarma maʼlumotlariga koʻra, konsertdan Toshkent shahriga 42,5 mlrd soʻmdan ($3,3 mln) ortiq soliq tushumi tushgan. “Konsert xorijiy va mahalliy sayyohlarni jalb qilish, shuningdek, mehmonxona va restoran biznesi uchun kuchli turtki boʻldi”, — deyiladi jamgʻarma xabarida.

    Biroq soliq tushumlari va konsertdan tushgan daromadlar (aviakompaniyalar, mehmonxonalar, kafe va restoranlar) taqsimoti oshkor etilmadi.

    Tartibni saqlash uchun 88 ta yoʻl-patrul xizmati va maxsus texnika, 8 ta tez tibbiy yordam mashinasi, 3800 nafar huquq-tartibot idoralari xodimi, 300 nafar koʻngilli va 500 nafar obodonlashtirish xodimi ish olib bordi.

    Jamgʻarmaning qayd etishicha, konsert avvalgi yirik tadbirlarga nisbatan ancha uyushqoqlik va tartibli oʻtgani Oʻzbekistonning jahon miqyosidagi tadbirlarni oʻtkazish borasidagi salohiyati yuqoriligidan dalolat beradi.