Xoʻsh, bunga sabab nima? Ushbu kasallikdan qanday saqlanish mumkin?
SSV Matbuot xizmatining shu kabi savollariga tibbiyot fanlari doktori, professor Feruza Hamrabayeva javob berdi:
— Oshqozon va oʻn ikki barmoqli ichak yarasi — surunkali, qaytalanuvchi va remissiya davrlari almashinib keluvchi xastalik boʻlib, uning kelib chiqishiga, eng avvalo, tartibsiz va nosogʻlom ovqatlanish sabab boʻladi, — deydi shifokor.
— Yaʼni, oʻz vaqtida taomlanmaslik, shilliq qavatga salbiy taʼsir etuvchi hamda oshqozon shirasi ishlab chiqarilishini kuchaytiruvchi achchiq, dudlangan, xamirli taomlar, pishiriqlar, quruq va sovuq yeguliklarni haddan ziyod koʻp isteʼmol qilish, boʻyoqli va gazli hamda qahva kabi ichimliklarni meʼyoridan ortiq ichish ushbu kasallikni yuzaga keltiradi.
Qolaversa, irsiy moyillik, “Helicobacter pylori” infeksiyasi, meʼda shirasining koʻp miqdorda ishlab chiqarilishi, ayrim dori vositalarini nazoratsiz va uzoq muddat qabul qilish, asabiylashish, stress, chekish, spirtli ichimliklar ichish va tugʻma nuqsonlar ham bunga sabab boʻlishi mumkin.
Dard zoʻrayganda, bemor, asosan, ogʻriqdan shikoyat qiladi. Oshqozonning orqa devori va kardial qismi yaralarida ogʻriq ovqat isteʼmol qilgandan keyin yuzaga keladi. Ular simillovchi xarakterda boʻlib, koʻp hollarda toʻsh orti va yurak sohasida kuzatiladi. Alkogolli ichimliklar va achchiq oziq-ovqat mahsulotlarini isteʼmol qilish yoki jismoniy ogʻir ishlarni bajarganda ogʻriq yanada kuchayadi.
Shu bilan birga, ishtahaning pasayishi, koʻngil aynishi, jigʻildon qaynashi, qorin dam boʻlishi, kekirish, ogʻiz boʻshligʻida achchiq yoki nordon taʼm sezilishi kabi belgilar ham ushbu kasallikning alomati boʻlishi mumkin.
Xastalik yaraning joylashishi, oʻlchamlari, chuqurligi, oshqozonning sekretor faoliyati, bemor yoshiga bogʻliq holda turlicha kechadi.
Uni faqat dori-darmon bilangina davolab boʻlmaydi. Aksincha, kasallikka yondashuv kompleks tarzda boʻlishi, xususan, bemorning umumiy ahvoli va shikoyatlarini atroflicha oʻrganish zarur. Shundan soʻng shifokor tavsiyasi bilan endoskopik tekshiruv, oshqozon traktini rentgenogramma orqali koʻrish, “Helicobacter pylori” infeksiyasini aniqlashga doir qon tahlillari oʻtkaziladi.
Shu bilan birga, meʼda shirasining kislotaliligini kamaytirish talab etiladi. Bu esa jigʻildon qaynashi, kekirish va koʻngil aynishi kabi yoqimsiz alomatlarni bartaraf etishga yordam beradi.
Agar kasallik ilk bosqichda boʻlsa, kerakli preparatlar buyuriladi. Uni davolashning yana bir usuli jarohlik amaliyotidir. Bunda mazkur aʼzoning maʼlum qismini operativ yoʻl bilan rezeksiya (kesib olib tashlash) qilinadi.
Bu kasallik uzoq muddat davolanishni talab etadigan xastalikdir. Ayniqsa, muolajaga yetarlicha eʼtibor berilmasa, saratonni keltirib chiqarishi mumkin.
Oshqozon va oʻn ikki barmoqli ichak yarasining oldini olishda kuniga uch yoki toʻrt marta, kam-kamdan ovqatlanish, kechqurun hazmi ogʻir taomlardan tiyilish, tabiiy mahsulotlar — meva, sabzavotlarni koʻproq tanavvul qilish, margarin, mayonezlardan tayyorlangan yeguliklarni kamroq isteʼmol qilish, koʻproq suv ichish juda muhim. Eng asosiysi, meʼda xastaliklariga duchor boʻlmaslik uchun sogʻlom turmush tarziga rioya qilish lozim.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.