Jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha Yevroosiyo guruhining 33-Yalpi majlisi boʻlib oʻtdi

    Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasining bu kabi xalqaro tadbirlarda ishtirok etishi mazkur sohadagi milliy tizim salohiyatini oshishiga, xalqaro va mintaqaviy hamkorlikning kuchayishiga xizmat qiladi.

    Joriy yilning 19-20-noyabr kunlari Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Moliya vazirligi va Markaziy bank vakillaridan iborat Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi Jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha Yevroosiyo guruhining videoanjuman shaklida tashkil etilgan 33-Yalpi majlisida ishtirok etdi.

    Majlisda Yevroosiyo guruhiga aʼzo davlatlar (Belorus, Hindiston, XXR, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston) delegatsiyalari va boshqa kuzatuvchi davlatlar (AQSH, Fransiya, Germaniya, Italiya, Turkiya, Polsha va boshqalar) hamda xalqaro tashkilotlar (FATF, Xalqaro valyuta fondi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, OBSE, UNP OON, KTK OON, MDH Terrorizmga qarshi kurashish markazi va boshqalar) vakillari ishtirok etdi.

    Tadbirni Yevroosiyo guruhi Raisi Yu.A.Chixanchin (Rossiya Federatsiyasi) olib bordi.

    Kun tartibiga muvofiq, delegatsiyalar tomonidan Yevroosiyo mintaqasida jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bilan bogʻliq muhim masalalar, shuningdek, mazkur sohadagi milliy tizimlarni mustahkamlash maqsadida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan choralar muhokama qilindi.

    Xususan, Yevroosiyo mintaqasida jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish xatarini baholash boʻyicha Yevroosiyo guruhiga aʼzo davlatlar vakillaridan iborat loyiha guruhi tomonidan qilingan ishlar muhokama qilindi va uning keyingi faoliyati yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqildi.

    Bundan tashqari, Yevroosiyo guruhi doirasida xususiy sektor vakillari hamda jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida ish olib boruvchi, davlat organlari oʻrtasida hamkorlikni kengaytirish maqsadida yaratilgan Xalqaro komplayens kengashi faoliyatining asosiy prinsiplari tasdiqlandi.

    Yevroosiyo mintaqasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash maqsadida, Yalpi majlis davomida Yevroosiyo guruhi va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi oʻrtasida oʻzaro anglashuv Memorandumini imzolash masalasi koʻrib chiqildi.

    Tashkilot ishchi guruhlarining amaldagi Hamraislarining vakolat muddati tugayotganligi sababli, 33-Yalpi majlis doirasida 2021-2022-yillar uchun ishchi guruhlarning yangi Hamraislarini tayinlash maqsadida saylovlar oʻtkazilib, Bosh prokuratura huzuridagi Departament vakili (Z.Xatamov) Texnik koʻmak koʻrsatish boʻyicha ishchi guruhning Hamraisi lavozimiga tayinlandi.

    Muhokamalar yakuniga koʻra, Yalpi majlis tomonidan Yevroosiyo guruhining sessiyalararo davrdagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti hamda Tashkilotning 2021-yil uchun Ish rejasi tasdiqlandi, shuningdek, uning faoliyatini tartibga soluvchi bir qator normativ-huquqiy hujjatlarga oʻzgartirishlar kiritildi.