Jinoiy javobgarlikka tortishning eng kichik yoshi 14 yosh etib belgilandi

    Ijtimoiy hayot 8 Dekabr 2021 4986

    “Bola huquqlarining kafolatlarini ta’minlash tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun imzolandi.

    Hujjatga ko‘ra, jinoiy javobgarlikka tortishning eng kichik yoshi 14 yosh etib belgilandi (amalda 13 yosh).

    Shuningdek, 16 yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlar bilan moddiy qimmatliklar berish yoxud mulkiy manfaatdor etish orqali jinsiy aloqa qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda va mazkur sohadagi jinoyatlar uchun jazo choralari kuchaytirilmoqda.

    Jumladan:
    – JK 128-moddasida (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) ozodlikdan mahrum qilish jazosining maksimal muddati 5 yildan 7 yilgacha oshirilmoqda;
    – JK 129-moddasi 1-qismida (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) ozodlikdan mahrum qilish jazosi 1 yildan 2 yilgacha ko‘paytirilmoqda.

    Bundan tashqari sud-tergov jarayonida bola huquqlarining protsessual kafolatlarini kuchaytirish choralari ko‘rilmoqda, jumladan:

    – voyaga yetmagan jabrlanuvchi yoki guvohni so‘roq qilishning umumiy davomiyligi kun davomida dam olish va ovqatlanish uchun bir soatlik tanaffusni hisobga olmaganda 4 soatdan oshmasligi belgilanmoqda (amalda – 8 soat);
    – voyaga yetmagan shaxsni so‘roq qilishda taraflarning tashabbusiga ko‘ra psixolog ishtirokini ta’minlash tartibi o‘rnatilmoqda.