Ijtimoiy tarmoqlarda Transport prokuraturasi tomonidan turizm sohasi tadbirkorlik subyektlariga jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlarini olib borilayotgani va Turizm qoʻmitasiga mazkur turoperator va tur agentlarning litsenziyalarini toʻxtatib turilishi yuzasidan xat yuborilgani boʻyicha xabarlar tarqaldi.
Qoʻmita mazkur holatga munosabat bildirib, turistik korxonalar tahlil qilinganini bildiridi.
Taʼkidlanishicha, mazkur xat xususiy aviakompaniya parvozlarining kechikishi natijasida “Umra” tadbirlari vaqtida moddiy va maʼnaviy jabr koʻrgan fuqarolardan olingan maʼlumotlar asosida yuborilgan.
Mazkur murojaat xatida keltirilgan dastlabki turistik korxonalar haqidagi maʼlumotlarga aniqlik kiritish maqsadida Turizm qoʻmitasi tomonidan Transport prokuraturasiga mutaxassis ajratildi.
Bugungi kunda tadbirkorlik subyektlariga keng imkoniyatlar yaratilib, hukumat tomonidan katta imkoniyatlar berib kelinmoqda. Shu bois, amaldagi qonunchilikka asosan faoliyat olib borayotgan turistik korxonalarga noqulaylik tugʻdirmaslik maqsadida, Transport prokuraturasi bilan birgalikda jinoyat ishiga aloqador boʻlgan turistik korxonalarning identifikatsiya raqamiga (STIR) aniqlik kiritish ishlari olib borilmoqda.
"Holat yuzasidan aloqador boʻlgan turistik korxonalarning identifikatsiya raqamlarini (STIR) aniqlash ishlari yakunlanganidan soʻng jinoyat ishi ochilgan korxonalarning faoliyati vaqtinchalik toʻxtatib turilishini maʼlum qilamiz, deyiladi rasmiy munosabatda.