Jinoyat olamida “Monya” taxallusi bilan tanilgan Munisaxon Alijonova qoʻlga olindi

    Jinoyat olamida “Monya” taxallusi bilan tanilgan Munisaxon Alijonova qoʻlga olindi, deya xabar qiladi Oʻzbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi.

    Qayd etilishicha, 2001-yilda tugʻilgan Munisaxon Alijonova odam savdosi jinoyatini sodir etganlikda ayblanib, 2023-yildan buyon Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan qidiruvda boʻlgan.

    U Turkiya politsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi IIV Tezkor-qidiruv departamenti Qidiruv boshqarmasi hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Istanbul shahrida ushlandi.

    «Ushbu shaxsning xatti-harakatlaridan jabr koʻrgan fuqarolardan Oʻzbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasiga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga murojaat qilish soʻraladi.

    Jinoyat uchun jazoning muqarrarligini taʼminlash maqsadida Turkiya hududida hamkorlikdagi tadbirlar tizimli ravishda davom ettirilmoqda», deyiladi konsulxona xabarida.