Jinoyat va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodekslarga oʻzgartirish kiritildi

    Qonun (OʻRQ-972-son, 07.10.2024-y.) bilan Jinoyat hamda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodekslarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

    Bu haqda Adliya vazirligi maʼlum qildi.

    Unga koʻra, kodekslarga sogʻliqning qisqa muddatga yomonlashuviga yoki mehnat qobiliyatining uncha uzoq boʻlmagan muddatga yoʻqolishiga olib kelmagan qasddan badanga yengil shikast yetkazish bilan bogʻliq jinoiy qilmishni jinoiy jazo tarkibidan chiqarib, uni maʼmuriy huquqbuzarlik toifasiga oʻtkazishni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

    Shuningdek, mazkur huquqiy normani yangi tavsifiy belgilar bilan toʻldirish, yarashuv institutiga kiruvchi maʼmuriy huquqbuzarliklar doirasini kengaytirish belgilanmoqda.

    Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga kiritilgan qoʻshimchaga koʻra, ushbu huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa:

    — BHMning 5 baravaridan 25 baravarigacha miqdorda jarima solishga;

    — 15 sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻlishi belgilanmoqda.

    Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.