Jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha faoliyatning huquqiy asoslari takomillashtiriladi

    Prezident tomonidan imzolangan Qonun (OʻRQ-920-son, 13.03.2024-y.) bilan ayrim normativ huquqiy hujjatlarga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritildi.

    “Tezkor-qidiruv faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunga kiritilgan qoʻshimchaga koʻra, tezkor-qidiruv tadbirlari axborot-kommunikatsiya texnologiyalari qoʻllanilgan holda, shu jumladan kibermakonda va uning imkoniyatlaridan foydalanilgan holda oʻtkazilishi mumkin boʻldi.

    “Maʼmuriy qamoqni oʻtash tartibi toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilgan qoʻshimchaga koʻra, maxsus qabulxonalardagi tezkor-qidiruv faoliyati jinoyatlarning oldini olish, ularni aniqlash, ularga barham berish va ularni fosh etish, shuningdek jinoyatlarga tayyorgarlik koʻrishga va ularni sodir etishga daxldor boʻlgan shaxslarni aniqlash, topish hamda qidirish maqsadida, qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

    Shu bilan birga “Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida”gi Qonunga jinoyatlarning holatlarini aniqlash, jinoyatlarni sodir etgan shaxslarni aniqlash va qidirish, shuningdek jazoni oʻtashdan boʻyin tovlayotgan yoki bedarak yoʻqolgan shaxslarni qidirish maqsadida ommaviy axborot vositalarining imkoniyatlaridan bepul foydalanishga doir ichki ishlar organlarining huquqlarini aniqlashtirishni nazarda tutuvchi oʻzgartirish kiritildi.

    Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.