Mamlakatimizda jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olishga eng ustuvor masalalardan biri sifatida alohida eʼtibor qaratilyapti. Soha izchil takomillashtirilib, samaradorligi uzluksiz oshirilyapti.
Keyingi yillarda aholi tinch-osoyishta hayot kechirishi uchun huquqiy va tashkiliy mexanizmlar tubdan qayta koʻrib chiqildi. Huquq-tartibot idoralari faoliyati qayta shakllantirildi, zamonaviy texnika va moddiy resurslar bilan taʼminlandi. Eng asosiysi, huquqbuzarlikni jazolash emas, balki jinoyatlarning oldini olish asosiy mezonga aylantirilmoqda.
Prezidentimizning 2025-yil 3-yanvardagi “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida barcha mutasaddi idoralar oldiga jinoyatlarning oldini olishga yoʻnaltirilgan infratuzilma yaratish vazifasi qoʻyildi. Shu asosda bajarilgan ishlar natijasida 2025-yilning dastlabki
5 oyida oʻrtacha darajadagi jinoyatlar 12, ogʻir jinoyatlar 37,3 foiz kamaydi. Qotillik, oʻgʻrilik, talonchilik, firibgarlik va mast holda avtohalokat sodir qilish kabi koʻplab jinoyat turlari keskin kamayishiga erishildi.
Shu bilan birga, davlatimiz rahbarining topshirigʻi asosida joriy yil davomida mamlakatda kriminogen vaziyat ogʻir boʻlgan hududlardagi real holat oʻrganilib, maxsus ishchi guruhlar tomonidan mahallalardagi “yettilik” faoliyati, huquqbuzarliklarning sabablari va korrupsiyaga qarshi kurash ishlari atroflicha tahlil qilindi. Afsuski, oʻrganishlar ayrim “mahalla yettiliklari” va rahbarlar mazkur sohadagi talab va vazifalardan bexabarligini, huquqbuzarliklarning oldini olishga masʼuliyatsizlik bilan qarayotganini koʻrsatdi.
Jinoyatlarning 36,4 foizi mahallalarda sodir etilgani mahalliy darajadagi profilaktika ishlari talab darajasida emasligidan dalolat. 813 ta mahalla “qizil” toifaga kiritilgani esa ularda jinoyatchilik yuqoriligini anglatadi. Demak, joylardagi “yettilik”lar faoliyatini tubdan qayta koʻrib chiqish, ularni qayta tayyorlash va nazoratni kuchaytirish talab etilmoqda.
Tashvishlanarli holatlardan biri — oilalarda sodir etilgan qotilliklar. Shu yili roʻy bergan bunday ogʻir jinoyatlarning 53,4 foizi oilaviy munosabatlar doirasida sodir etilgan. Bu esa oilalardagi nizolarni barvaqt aniqlash, ruhiy tushkunlik va zoʻravonlik holatlariga chora koʻrish borasida masʼul idoralar yetarlicha ish olib bormayotgani oqibatidir. Samarqand va Navoiyda sodir boʻlgan ikki mudhish jinoyat oilaviy nizolar va murakkab holatlar jinoyatgacha yetaklashi mumkinligini yaqqol namoyon etdi.
Bir qarashda yoshlar oʻrtasidagi jinoyatchilik statistikasida ijobiy oʻzgarishlar yuz berayotgandek tuyuladi. Besh oyda 2846 yosh 2919 ta jinoyat sodir etgan, koʻrsatkich oʻtgan yildagiga nisbatan 20 foiz kamaygan. Ammo voyaga yetmaganlar sodir etgan 567 ta jinoyatning 84,3 foizi tarbiyadan chetda qolgan, ota-onasi yetarli eʼtibor bermagan bolalar hissasiga toʻgʻri kelmoqda. Bunday holatlar “oila — maktab — mahalla” tizimi soʻnggi paytlarda talab darajasida ishlamayotganidan darak beradi.
Xotin-qizlar sodir etayotgan jinoyatlar ham alohida tahlilga muhtoj. 2025-yilda 672 ayol 723 ta jinoyatga qoʻlga urgan. Ular orasida ogʻir jinoyatlar mavjud. Ayniqsa, Urganchda yuz bergan oʻta shafqatsiz jinoyat ijtimoiy muammolar yechimsiz qolganda ayollar ham jinoyatga qoʻl urishi mumkinligini koʻrsatdi. Ayollar bilan ishlovchi faollar va “mahalla yettiligi” ularga zarur yordam koʻrsatmagan, profilaktika ishlarini olib bormagan.
Yana bir muammo — axborot texnologiyalari vositasida sodir etilayotgan kiberjinoyatlar. Besh oyda 18 ming 327 ta ana shunday jinoyat sodir etilgan. Ularning 94,4 foizi firibgarlik va oʻgʻrilikdir. Mazkur koʻrsatkichlar jinoyatchilik zamonaviy shakllarga oʻtayotganini koʻrsatadi. Demak, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar ham faoliyatini tezkor raqamli tahlil va elektron nazorat asosida tashkil etishi lozim.
Jinoyatchilikka qarshi kurashda muayyan yutuqlarga erishyapmiz. Koʻrilayotgan chora-tadbirlar, jumladan, profilaktika ishlari ijobiy samara bermoqda. Biroq jinoyatchilikni toʻliq bartaraf etish uchun mahalla tizimini shu yoʻnalish nuqtayi nazaridan qayta koʻrib chiqish, har bir oiladagi muammolarni barvaqt aniqlash, bolalar, ayollar va yoshlar bilan manzilli ishlash, raqamli tahlilni kuchaytirish va jamoatchilik nazoratini oshirish talab etiladi.
Jinoyat va oqibati bilan emas, balki sabablari bilan kurashish — eng samarali yoʻl. Shunday yondashuv bilangina jamiyatda haqiqiy xavfsiz muhitni yaratish mumkin.
Qutbiddin BURHONOV,
Oliy Majlis Senatining Mudofaa
va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi
(“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi. 2025-yil 1-iyul, 133-son)








