Jismoniy shaxslarga davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatiladi

    Hukumat Qarori (774-son, 21.11.2024-y.) bilan Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatadigan advokatlarni jalb etish va ularga haq toʻlash tartibi toʻgʻrisida Nizom tasdiqlandi.

    Nizom bilan davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatadigan advokatlarni jalb etish va ularga haq toʻlash tartibi belgilandi.

    Nizomga koʻra, davlat hisobidan koʻrsatiladigan yuridik yordam — Qonunda belgilangan tartib-taomillar va shartlarga muvofiq davlat hisobidan toʻliq yoki qisman koʻrsatiladigan, jismoniy shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan malakali yuridik yordam hisoblanadi.

    Quyidagi jismoniy shaxslarga davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatiladi:

    • kam taʼminlangan shaxslar (fuqarolik ishlari boʻyicha daʼvogarlar yoki javobgarlar, maʼmuriy ishlar boʻyicha ariza beruvchilar, maʼmuriy qamoq jazosi nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir etgan shaxslar hamda jinoyat ishlari boʻyicha gumon qilinuvchilar, ayblanuvchilar, sudlanuvchilar, shuningdek, mahkumlar boʻlsa);
    • ruhiy holati buzilgan jismoniy shaxslar, ularga psixiatriya yordami koʻrsatilayotganda;
    • oʻz huquqlari buzilgan, xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi buzilganligi munosabati bilan sudga murojaat qilgan jismoniy shaxslar;
    • jinoyat ishi boʻyicha advokat ishtirok etishi shart boʻlgan taqdirda, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi.

    Shuningdek, maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan kam taʼminlangan shaxslarga davlat hisobidan yuridik yordam ushbu shaxslar tomonidan maʼmuriy qamoq jazosi nazarda tutilgan huquqbuzarlik sodir etilgan hollarda koʻrsatiladi.

    Davlat hisobidan yuridik yordam olish uchun jismoniy shaxslar eksterritoriallik prinsipi asosida adliya boʻlimiga ogʻzaki, yozma yoki elektron shaklda murojaat qiladi:

    • elektron shakldagi murojaatlar Yagona identifikatsiya tizimidan (OneID) roʻyxatdan oʻtgan holda, “Yuridik yordam” axborot tizimi orqali yuboriladi.
    • ogʻzaki va yozma murojaatlar tegishli adliya boʻlimi tomonidan murojaat kelib tushgan kunning keyingi ish kunidan kechiktirmay tizimga kiritiladi.

    Advokatga belgilangan miqdorlarda haq toʻlanishi bilan birga xizmat safari va transport xarajatlari advokat shartnoma tuzgan joydan 50 km masofadan uzoq boʻlgan hududda yuridik yordam koʻrsatilgan hollarda qoplanadi.