Toshkent davlat yuridik universitetida bu borada tizimli ishlar olib borilmoqda.

Prezidentimizning 2024-yil 4-dekabrdagi “Jamoaviy sport turlarini rivojlantirish va iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–421-son qarori yurtimizda sportni ommalashtirishni yangi bosqichga olib chiqdi.

Yuqoridagi qaror hamda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish yuzasidan ko‘rsatmalar asosida universitetda sportni ommalashtirish, jismoniy tarbiya va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu jarayon har bir fakultet, kafedra hamda tarkibiy bo‘linmalarning faol ishtirokida amalga oshirilmoqda. Shuningdek, “Yurist Olimpik” sport klubi tarkibida “Kurash” to‘garagi tashkil etilib, milliy sport turlarini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilgan.

Universitet xodimlari uchun ishlab chiqilgan “Sport bilan muntazam shug‘ullanishni rag‘batlantirish tartibi”ga muvofiq, jismoniy faollik uchta asosiy yo‘nalishda amalga oshirilmoqda: oilaviy, jamoaviy va musobaqaviy sport faoliyati. Bu tartibda xodimlarning sport bilan shug‘ullanishi ixtiyoriy bo‘lsa-da, ularning faolligi tahlil qilinadi va eng faol xodimlar Kasaba uyushmasi tomonidan qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.

Xodimlarning oilaviy sport faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida maxsus guruh tashkil etilgan bo‘lib, unda xodimlar oila a’zolari bilan birgalikda mashg‘ulotlar olib borishadi. Ushbu jarayonlar videoga olinib, tahlil qilinadi va har uch oyda eng namunali oilalar rag‘batlantiriladi. Bu amaliyot nafaqat sportni, balki oilaviy qadriyatlarni ham mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, sport daqiqalari tizimi joriy etildi. Har kuni universitetning barcha binolarida xodimlar uchun maxsus 10 daqiqalik yengil jismoniy mashqlar tashkil etiladi. Bu mashg‘ulotlar nafaqat tana sog‘lig‘ini, balki ish unumdorligini oshirishda ham muhim rol o‘ynaydi. Jismoniy tarbiya va sport bo‘limi tomonidan tayyorlangan videoko‘rsatmalar orqali har bir tarkibiy bo‘linma o‘z joyida amaliy mashg‘ulotlarni bajarib boradi. Eng faol jamoalar har chorakda alohida e’tirof etiladi.

Talabalar orasida esa “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Talabalar ligasi” “Rektor kubogi”, “Talaba yugur” kabi sport loyihalari doimiy an’anaga aylangan. Bu musobaqalar orqali yoshlar o‘z iqtidorini namoyon etish, sog‘lom raqobat muhitida ulg‘ayish, eng asosiysi, sog‘lom turmush tarzini hayot mezoniga aylantirish imkoniga ega bo‘lmoqda. Sport orqali ularda mehnatsevarlik, qat’iyat va jamoada ishlash madaniyati shakllanmoqda.

Universitet rahbariyati, xususan, Yoshlar masalalari va sportni ommalashtirish boshqarmasi bu jarayonni doimiy nazoratda tutadi. Har bir fakultetda sport to‘garaklari faoliyat yuritib, sport inshootlari talaba va xodimlar uchun doimiy ochiq. “Har bir yurist – sog‘lom, faol, ma’naviy barkamol bo‘lishi kerak” degan tamoyil universitet hayotida ustuvor g‘oyaga aylangan.

Xulosa qilib aytganda, Toshkent davlat yuridik universitetida sport va jismoniy tarbiya nafaqat sog‘lom turmush tarzining asosi, balki yetuk, irodali va vatanparvar avlodni tarbiyalash omili sifatida e’tirof etilmoqda. Bugun universitet jamoasining har bir a’zosi – talaba bo‘ladimi, xodimmi – o‘z hayotida sportni doimiy odatga aylantirayotganligi bilan faxrlanishi mumkin. Chunki sog‘lom tan, sog‘lom fikr va sog‘lom jamiyat barpo etish yo‘lida sport eng ishonchli kafolatdir.