Jismoniy tarbiya va sport sohasi uchun tibbiyot kadrlarini tayyorlash hamda sportchilarga tibbiy xizmat koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

    Hujjatlar 28 Iyul 2023 6182

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 3-noyabrdagi “Jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlarni tayyorlash hamda ilmiy tadqiqotlar tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–414-son qaroriga muvofiq, shuningdek, sport tibbiyoti sohasida kadrlar tayyorlashning zamonaviy usullarini amaliyotga joriy etish orqali sportchilarga yuqori sifatli tibbiy xizmat koʻrsatishni yanada takomillashtirish maqsadida:

    1.Quyidagilar jismoniy tarbiya va sport sohasi uchun sport tibbiyoti yoʻnalishini rivojlantirish va kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:

    kadrlar tayyorlash boʻyicha ilgʻor innovatsion, ilmiy-uslubiy texnologiyalarni joriy etish orqali oʻquv jarayonlarini sport-taʼlim muassasalari va milliy terma jamoalar bilan uzviy bogʻliq holda tashkil etish;

    sport tibbiyoti yoʻnalishida kadrlar tayyorlashda talabalarning amaliy mashgʻulot darslari hamda amaliyotini Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazida tashkil etish orqali dual taʼlim tizimini rivojlantirish;

    xorijiy mutaxassislar (sport shifokori, sport diyetologi, sport fiziologi, sport farmakologi, sport psixologi)ni jalb qilgan holda sport tibbiyoti sohasidagi xodimlarning malakasini oshirishni tizimli yoʻlga qoʻyish;

    xorijiy davlatlarning ilgʻor tajribasini oʻrgangan holda sport shifokori va sport diyetologi mutaxassisliklari boʻyicha kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish borasida ilmiy asoslangan takliflarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish;

    Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi faoliyatini kengaytirish va yanada takomillashtirish orqali sportchilarga tibbiy xizmat koʻrsatish infratuzilmasini yaxshilash.

    2. Belgilansinki:

    a) jismoniy tarbiya va sport sohasi uchun sport shifokori va sport diyetologi mutaxassislarini tayyorlash boʻyicha Toshkent tibbiyot akademiyasi bosh oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi;

    b) 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab:

    Toshkent tibbiyot akademiyasida “Sport shifokori” va “Sport diyetologiyasi (ovqatlanish ilmi)” boʻyicha magistratura mutaxassisliklari joriy etiladi;

    Toshkent farmatsevtika institutida “Eksperimental va sport farmakologiyasi” magistratura mutaxassisligi boʻyicha amaldagi oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari ikki baravarga oshiriladi.

    3.Sogʻliqni saqlash vazirligi (A.Inoyatov), Yoshlar siyosati va sport vazirligi (A.Ikramov), Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi (I.Abduraxmonov) va Toshkent viloyati hokimligi (Z.Mirzayev)ning quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

    a) Toshkent viloyatida sogʻliqni saqlash sohasi uchun oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlash maqsadida:

    Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti huzurida tashkil etilgan tibbiyot fakultetini (“Davolash ishi” taʼlim yoʻnalishi) yanada kengaytirish orqali uni Toshkent tibbiyot akademiyasining Chirchiq filiali (keyingi oʻrinlarda – Filial)ga aylantirish;

    Filialda sport tibbiyoti va boshqa tibbiyot mutaxassisliklari (“Davolash ishi”, “Farmatsevtika”, “Pediatriya”) boʻyicha kadrlar tayyorlash tizimini yoʻlga qoʻyish hamda Chirchiq shahridagi barcha turdagi tibbiyot muassasalarini Filialga klinik-oʻquv baza sifatida biriktirish;

    Toshkent viloyati, Chirchiq shahri, Arancha qoʻrgʻoni, A.Yassaviy mahallasida joylashgan Sogʻliqni saqlash vazirligi tasarrufidagi sobiq 3-sonli oilaviy poliklinika, Chirchiq shahri, A.Temur mahallasida joylashgan Chirchiq tibbiyot kollejining bino-inshootlarini tegishli hududi bilan birga operativ boshqaruv huquqi asosida Filialga begʻaraz berish;

    Filialga ajratilgan bino va inshootlarni zaruratga koʻra 2024/2025 oʻquv yiliga qadar Sogʻliqni saqlash vazirligi va Toshkent tibbiyot akademiyasining byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan joriy taʼmirlash va Filialni ushbu obyektlarga toʻliq joylashtirish;

    b) Filialning sport tibbiyoti boʻyicha (“Sport shifokori”, “Sport diyetologi” va “Sport farmakologi”) kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan fakultetini Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti bino-inshootlarining bir qismiga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirish orqali sport sohasida kadrlarni kompleks tayyorlash boʻyicha “Chirchiq sport klasteri” namunasini yaratish.

    4.Belgilab qoʻyilsinki:

    Filialning sport tibbiyoti fakultetini joylashtirish uchun tegishli bino-inshootlarni ajratish va ularni saqlash xarajatlari hamda talabalarini yotoqxona bilan taʼminlash Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;

    Filialga talabalarni qabul qilish parametrlari Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim tashkilotlariga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi.

    Bunda, sport tibbiyoti (“Sport shifokori”, “Sport diyetologi” va “Sport farmakologi”) yoʻnalishlariga qabul parametrlari Yoshlar siyosati va sport vazirligi tomonidan taqdim etiladigan haqiqiy ehtiyojdan kelib chiqib, Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan shakllantiriladi.

    5.Iqtisodiyot va moliya vazirligi (Sh.Kudbiyev), Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi (I.Abduraxmonov), Sogʻliqni saqlash vazirligi (A.Inoyatov) va Toshkent viloyati hokimligi (Z.Mirzayev) 2024-yilda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida tibbiyot va farmatsevtika yoʻnalishida kadrlar tayyorlash boʻyicha xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda oʻquv-mashgʻulotlar bazasini yaratish, jumladan, zamonaviy laboratoriya, simulyatsiya uskunalari va boshqa uskunalarni xarid qilish va ushbu yoʻnalish uchun Filialga ajratilgan bino-inshootlarni rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash choralarini koʻrsin.

    6. Yoshlar siyosati va sport vazirligi (A.Ikramov) Iqtisodiyot va moliya vazirligi (Sh.Kudbiyev), Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi (B.Musayev) bilan birgalikda 2024-yil 1-yanvarga qadar davlat sport-taʼlim muassasalarining yangilangan shtat meʼyorlarini tasdiqlasin.

    Bunda, “Sport shifokori”, “Sport diyetologi” hamda “Sport farmakologi” mutaxassisligi boʻyicha shtat birliklariga ehtiyoji mavjud boʻlgan davlat sport-taʼlim muassasalariga ushbu shtat birliklarini ajratish nazarda tutilsin.

    7.Belgilansinki, davlat sport-taʼlim muassasalarining sport shifokorlari, sport diyetologlari va sport farmakologlari Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazida belgilangan tartibda bepul malaka oshiradi.

    Bunda, ushbu mutaxassislarning malaka oshirishi bilan bogʻliq amaliy darslarRespublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazida tashkil etiladi.

    8.Sogʻliqni saqlash vazirligi (A.Inoyatov), Yoshlar siyosati va sport vazirligi (A.Ikramov):

    mahalliy va xorijiy mutaxassislar (sport shifokori, sport diyetologi, sport fiziologi, sport farmakologi, sport psixologi)ni jalb qilgan holda doimiy ravishda sport tibbiyoti sohasidagi mutaxassislar uchun oʻquv kurslari, seminarlar va mahorat darslarini tashkil etib borsin;

    2024/2025 oʻquv yiliga qadar Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi (I.Abduraxmonov) bilan birgalikda “70910233-Sport tibbiyoti” hamda “70910401-Gigiyena: nutritsiologiya” mutaxassisliklari boʻyicha malaka talablari, oʻquv rejalari va fan dasturlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

    9. Yoshlar siyosati va sport vazirligi (A.Ikramov) Mudofaa vazirligi (B.Kurbanov), Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi (O.Qosimov), Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi (M.Tashxodjayev) bilan birgalikda:

    bir oy muddatda milliy terma jamoa aʼzolariga tayyorgarlik va musobaqalardan keyingi davrda yuqori malakali maxsus tibbiy amaliyot oʻtkazish xizmatlarini tashkil etish boʻyicha Qurolli Kuchlar bosh harbiy klinik gospitali bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻysin;

    Qurolli Kuchlar bosh harbiy klinik gospitali orqali sportchilarga yuqori malakali maxsus tibbiy amaliyot oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlar Davlat byudjeti parametrlarida sport sohasini rivojlantirish dasturlari uchun nazarda tutilgan mablagʻlar hisobidan amalga oshirilishini nazarda tutsin.

    Bunda, Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan Qurolli Kuchlar bosh harbiy klinik gospitalida yuqori malakali maxsus tibbiy amaliyot oʻtkaziladigan sportchilar kontingenti Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi va Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi tomonidan Yoshlar siyosati va sport vazirligi bilan kelishgan holda belgilanadi.

    10.Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Andijon, Buxoro va Samarqand viloyati hokimliklarining Nukus, Andijon, Buxoro va Samarqand shaharlarida Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazning (keyingi oʻrinlarda – Markaz) mintaqaviy filiallarini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

    11.Quyidagilar Markaz va uning mintaqaviy filiallari faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:

    joylarda sportchilarning jismoniy holati va rivojlanishini doimiy nazorat qilib borish, ulardagi oʻtkir, surunkali kasalliklarni barvaqt aniqlash va davolash;

    sport-taʼlim muassasalari, shuningdek, olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarida faoliyat olib borayotgan tibbiyot mutaxassislari bilan yaqindan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish hamda ularning professional faoliyatiga koʻmaklashish;

    sport-taʼlim muassasalariga sport tibbiyoti yoʻnalishida ilmiy-metodik yordam koʻrsatish;

    sportchilarning kasallik va jarohatlarini davolash, shuningdek, ularga maxsus hamda kompleks tezkor tibbiy xizmatlar koʻrsatish maqsadida tibbiy-jismoniy tarbiya dispanserlari vazifasini bajarish;

    sportchilarning kasallik tarixini oʻzida aks ettiruvchi yagona elektron axborot tizimini yaratish;

    olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari hamda ixtisoslashtirilgan sport-taʼlim muassasalarida tayyorlanayotgan professional sportchilarni bir yilda ikki marotaba chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish va tibbiy monitoring olib borish;

    genetik tahlillar natijalaridan kelib chiqib, sportchilarni sport turlariga biriktirish va seleksiya tizimini yoʻlga qoʻyish.

    12.Markazning mintaqaviy filiallari faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti va viloyatlar mahalliy byudjetlari hamda byudjetdan tashqari mablagʻlari;

    tibbiy xizmatlarni koʻrsatish va boshqa faoliyat turlaridan olingan daromadlar;

    yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;

    xalqaro va chet el tashkilotlarining grantlari;

    qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

    Yoshlar siyosati va sport vaziri A.I.Ikramovga Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo hamda boshqa nufuzli xalqaro sport musobaqalariga sportchilarni kompleks tayyorlashga ajratilgan byudjet mablagʻlarining bir qismini sportchilarga chuqurlashtirilgan tibbiy xizmatlarni koʻrsatish uchun Markaz va uning mintaqaviy filiallariga maqsadli yoʻnaltirish huquqi berilsin.

    13.Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Andijon, Buxoro va Samarqand viloyatlari hokimliklari:

    bir oy muddatda Yoshlar siyosati va sport vazirligi bilan birgalikda Nukus, Andijon, Buxoro va Samarqand shaharlaridagi davlat mulki boʻlgan boʻsh turgan binolarni xatlovdan oʻtkazsin hamda ularga Markazning mintaqaviy filiallarini tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirsin;

    uch oy muddatda mintaqaviy filiallarning faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun ularni zarur boʻladigan jihozlar hamda tibbiy asbob-uskunalar bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.

    14. Yoshlar siyosati va sport vazirligi (A.Ikramov) Sogʻliqni saqlash vazirligi (A.Inoyatov) bilan birgalikda uch oy muddatda davlat sport-taʼlim muassasalari oʻquvchilari, milliy terma jamoalar aʼzolari hamda professional futbol va boshqa sport klublari sportchilarini joriy va chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish tartibini tasdiqlasin.

    15.Belgilansinki:

    Markaz tibbiy-biologik va tibbiy-psixologik jihatdan musobaqalarga tayyorlashni taʼminlovchi, sport tibbiyoti sohasidagi
    oʻquv uslubiy qoʻllanma va oʻquv dasturlarini ishlab chiquvchi ixtisoslashtirilgan sport tibbiyot muassasasi hisoblanadi;

    2024/2025 oʻquv yilidan boshlab sport tibbiyoti sohasidagi oʻquv dasturlari va uslubiy qoʻllanmalarni ishlab chiqish bevosita Markaz ishtirokida amalga oshiriladi.

    16.Iqtisodiyot va moliya vazirligi Yoshlar siyosati va sport vazirligi bilan birgalikda 2024-yildan boshlab har yili sport-taʼlim muassasalari xarajatlarini moliyalashtirishda sport-taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan sportchi-oʻquvchilarni chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazish uchun zarur boʻladigan mablagʻlarni Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutsin.

    17.Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ommaviy axborot vositalarida ushbu qarorning maqsad va vazifalari keng yoritilishini tashkil etsin.

    18.Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib yoshlar siyosati va sport vaziri A.I.Ikramov hamda sogʻliqni saqlash vaziri A.Sh.Inoyatov belgilansin.

    Qaror ijrosini muhokama qilib borish, masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi K.K. Kuranbayev zimmasiga yuklansin.

    Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

    Toshkent shahri,

    2023-yil 28-iyul