Jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlarni tayyorlash hamda ilmiy tadqiqotlar tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

    Hujjatlar 7 Noyabr 2022 10901

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    Jismoniy tarbiya va sport sohasida malakali kadrlar tayyorlash, ta’lim jarayonini xalqaro standartlarga moslashtirish va boshqaruv tizimini raqamlashtirish, pedagogik va ilmiy salohiyatni yanada oshirish hamda ilmiy-tadqiqot ishlari sifatini tubdan yaxshilash, ilg‘or xorijiy sport-ta’lim texnologiyalarining transferini amalga oshirish orqali yuqori natijalarga erishish maqsadida:

    1.O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti (keyingi o‘rinlarda – Universitet) hamda uning filiallarida:

    ta’lim dasturlari xalqaro reytingda yuqori bo‘lgan xorijiy oliy ta’lim muassasasining dasturiga ko‘ra shakllantirilsin, jahondagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda talabalarning akademik almashinuvini ta’minlash hamda ta’lim olishiga keng sharoit yaratish uchun bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari akkreditatsiyadan o‘tkazilsin;

    talabalarda sport mahoratini doimiy ravishda yuksaltirish hamda ularning personaltrayektoriyalar bo‘yicha variativ (o‘zgaruvchan) o‘quv rejalari asosida ta’lim olishlari uchun o‘quv jarayoni kredit-modul tizimi asosida tashkil etilib, mazkur tizim 2024/2025 o‘quv yiliga qadar to‘liq joriy qilinsin;

    2024/2025 o‘quv yiliga qadar barcha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklariga oid malaka talablari qayta ko‘rib chiqilsin, shu jumladan, bitiruvchi bakalavr va magistrantlarning bilimi, mahorati va pedagogik ko‘nikmalarini baholovchi kompetensiyalarni sertifikatlash tizimi joriy qilinsin.

    2. Belgilab qo‘yilsinki, 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab Universitet va uning filiallarida:

    bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari xalqaro standartlardan kelib chiqib maqbullashtiriladi hamda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari 1-ilovaga muvofiq joriy qilinadi;

    “Sport faoliyati (faoliyat turlari bo‘yicha)” bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga kamida ikkinchi sport razryadiga ega bo‘lgan, “Sport turining alohida yo‘nalishlari” magistratura mutaxassisligiga esa kamida O‘zbekiston sport ustaligiga yoki O‘zbekiston grossmeysterligiga nomzod sport razryadiga ega bo‘lgan abituriyentlar qabul qilinadi;

    o‘quv mashg‘ulotlari va mahorat darslarini o‘tkazish hamda o‘quv jarayonida ishtirok etish uchun sport federatsiya (assotsiatsiya)larining yetuk malaka va tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislari jalb qilinadi;

    “Menejment (jismoniy tarbiya va sport menejmenti)”, “Menejment (sport tadbirlarini tashkil etish va boshqarish)” va “Marketing (sport marketingi)” bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bitiruvchi talabalarining amaliyoti yashash hududidagi mahallalarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 11 apreldagi “Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-201-son qarorida belgilangan tegishli sport turlari bo‘yicha ommaviy sport musobaqalarini tashkil qilish orqali amalga oshiriladi;

    iqtidorli (qoida tariqasida, a’lo baholarga bitirgan) bitiruvchilarning bitiruv oldi amaliyoti ularni milliy terma jamoalarning xorijda o‘tkaziladigan o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari hamda xalqaro musobaqalar jarayoniga jalb etish orqali tashkil etiladi;

    talabalarning o‘zlashtirgan bilimi, malaka va ko‘nikmalarini amaliyotda qo‘llash darajasidan kelib chiqib, iqtidorli bitiruvchilarga sport bo‘yicha hakam hamda ikkinchi toifali trener malaka toifasini belgilovchi guvohnoma beriladi.

    3. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab Universitet va uning filiallarida hamda boshqa oliy ta’lim muassasalarining jismoniy tarbiya va sport sohasidagi ta’lim yo‘nalishlarida quyidagilar kasbiy (ijodiy) kirish imtihonlarini topshirishdan ozod qilinadi va ularga maksimal ball beriladi:

    O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi faxriy unvoniga ega bo‘lgan sportchilar;

    Xalqaro toifadagi O‘zbekiston sport ustasi yoki xalqaro grossmeyster sport unvoniga ega bo‘lgan sportchilar;

    O‘zbekiston sport ustasi yoki O‘zbekiston grossmeysteri sport unvoniga ega bo‘lgan sportchilar;

    Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari dasturiga kiritilgan sport turlari bo‘yicha respublika chempionatlarida oxirgi bir yilda g‘olib (1-o‘rin) bo‘lgan sportchilar. Bunda, mazkur sportchilar variativ (o‘zgaruvchan) o‘quv rejalari asosida o‘qitiladi, shuningdek, ular mahallalarda sport to‘garaklarini ochish va boshqarish, sport tadbirlarini tashkil qilish, yoshlar o‘rtasida sportning afzalliklarini targ‘ib qilish ishlariga jalb qilinadi.

    4.Jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishlarida 2023 yil 1 yanvardan boshlab Pahlavon Mahmud nomli davlat stipendiyasi joriy qilinsin.

    Belgilansinki, Pahlavon Mahmud nomli davlat stipendiyasi jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishlari uchun kadrlar tayyorlovchi har bir oliy ta’lim muassasasining bir nafar yuqori kurs talabasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1993 yil 5 fevraldagi “O‘zbekistonning o‘quvchi yoshlarini rag‘batlantirish choralari to‘g‘risida”gi PF-555-son Farmonida belgilangan talablar asosida tayinlanadi.

    Sportni rivojlantirish vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Moliya vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda uch oy muddatda Bakalavriat bosqichi talabalari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalari hamda ularni tayinlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

    5. Universitet Kuzatuv kengashi Jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlar salohiyatini oshirish hamda ilmiy faoliyatni rivojlantirish bo‘yicha kuzatuv kengashi (keyingi o‘rinlarda – Kuzatuv kengashi) etib qayta nomlansin, shuningdek, uning yangilangan tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    Belgilansinki, Universitet filiallari, Oliy sport mahorati instituti hamda Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar institutining (keyingi o‘rinlarda – Institut) faoliyati Kuzatuv kengashi tomonidan muvofiqlashtiriladi.

    Kuzatuv kengashi zimmasiga Universitet va uning filiallari, Oliy sport mahorati instituti va Institutning boshqaruv, o‘quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot va ma’naviy-ma’rifiy faoliyatini samarali tashkil qilish, ta’lim sifatini yaxshilash, ta’lim jarayonini takomillashtirish hamda moddiy-texnika bazasini mustahkamlash vazifalari yuklatilsin.

    6. Kuzatuv kengashi (A.Ikramov) yuklatilgan vazifalar bilan bir qatorda quyidagi manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirsin:

    Universitetning jozibadorligini oshirish uchun jahondagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda kadrlar tayyorlash, shaffof qabul jarayonini tashkillashtirish, tahsil olayotgan xorijiy talabalar sonini 2 бараvaрга ko‘paytirish;

    Universitetda olimpiya sport faoliyati bo‘yicha yo‘nalishlar sonini 20 фоизга, noolimpiya sport faoliyati bo‘yicha yo‘nalishlar sonini 60 фоизга oshirish;

    Universitet professor-o‘qituvchilarining kasbiy kompetensiyalarini doimiy rivojlantirib borish maqsadida har yili kamida 10 nafar professor-o‘qituvchilarning xorijiy davlatlarda malaka oshirishi va stajirovka o‘tashi tizimini yo‘lga qo‘yish va ta’lim jarayoniga xorijiy davlatlarning yetakchi professor-o‘qituvchilarini jalb qilish;

    2025 yilga qadar Universitetning xalqaro tan olingan tashkilotlarning (QS yoki TNE) sohaviy, mintaqaviy yoxud tematik reytinglariga kiritilishiga erishish hamda 2030 yilga qadar Universitetni xalqaro tan olingan tashkilotlarning (QS yoki TNE) oliy ta’lim muassasalari reytingida birinchi 1 000 talik ro‘yxatiga kiritish;

    Universitetda fundamental hamda amaliy tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish, ularning samaradorligini oshirish, ilm-fanning ishlab chiqarish bilan integratsiyasini kuchaytirish orqali ilmiy salohiyatni 1,7 baravarga ko‘paytirib, 45 фоизгача yetkazish;

    Universitet professor-o‘qituvchilarining ilmiy-uslubiy faoliyati natijadorligini darsliklar soni bo‘yicha 1,8 бараvaрга, o‘quv qo‘llanmalar soni bo‘yicha 1,8 бараvaрга, Scopus va Web of Science ma’lumotlar bazasiga kiritilgan maqolalar soni bo‘yicha 4,4 бараvaрга oshirish;

    Universitet va Institutda zamonaviy o‘quv va ilmiy-laboratoriya bazasini yaxshilash (funksional, biokimyoviy, psixodiagnostik, biomexanik, genetik va boshqa laboratoriyalar), ularni ilg‘or texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlash, shuningdek, yagonakutubxona fondiни shakllantirish orqali fondni 60 фоизга yangilash;

    Universitet sport ob’ektlarida terma jamoalarning o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari va sport musobaqalarini ijara shartlari va pullik asosda o‘tkazish orqali pullik xizmatlarni rivojlantirish, byudjetdan tashqari mablag‘lar miqdorini ko‘paytirib borish.

    7. Quyidagilar:

    2022-2025 yillarda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti faoliyatini rivojlantirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari (indikatorlari) 3-ilovaga muvofiq;

    O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti faoliyatini kompleks rivojlantirish dasturi 4-ilovaga muvofiq;

    O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti tomonidan yangi ishlanma va texnologiyalarni yaratish hamda joriy etish loyihalarini amalga oshirish dasturi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    Kuzatuv kengashi (A.Ikramov) har bir maqsadli ko‘rsatkichga (indikatorga) erishish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirsin, o‘z yig‘ilishlarida mazkur masalani muhokama qilib borsin.

    8.Universitet tuzilmasida 2023 yil 1 yanvardan boshlab Kompetensiyalarni baholash markazi tashkil qilinsin.

    Belgilansinki:

    Sportni rivojlantirish vazirligi tizimidagi sport-ta’lim va oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, ilmiy xodimlari, trenerlari, metodistlari, boshqa xodimlari hamda bitiruvchilarining bilim va amaliy ko‘nikmalari darajasini baholash, ularning pedagogik va ilmiy salohiyatini yanada oshirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish Kompetensiyalarni baholash markazining asosiy vazifalari etib belgilanadi;

    Kompetensiyalarni baholash markazi bevosita Kuzatuv kengashi tomonidan boshqariladi hamda uning faoliyati Universitetning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi;

    Kuzatuv kengashi Kompetensiyalarni baholash markazi faoliyatini samarali tashkil qilish uchun barcha zarur chora-tadbirlarni ko‘radi, shu jumladan, xorijiy texnologiyalar transferi orqali ilg‘or tajribani joriy qiladi.

    9. Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Ikramov) Samarqand shahrida “Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti” federal davlat byudjeti oliy ta’lim muassasasining filiali faoliyati tugatilayotganligi munosabati bilan mazkur universitetning yetakchi professor-o‘qituvchilarini Universitet va uning filiallari, Oliy sport mahorati instituti hamda Institutga jalb qilish chora-tadbirlarini amalga oshirsin.

    10.Jismoniy tarbiya va sport sohasida ilmiy tadqiqotlar tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Institut zimmasiga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatilsin:

    jismoniy tarbiya va sport sohasida, shu jumladan, sport biomexanikasi, fiziologiyasi, farmakologiyasi va genetikasi bo‘yicha fundamental, amaliy va innovatsiontadqiqotlar o‘tkazish, ularning natijalarini amaliyotga joriy etish;

    aholining yosh xususiyatidan kelib chiqib, jismoniy rivojlanishi va jismoniy tayyorgarligini ilmiy asosda o‘rganish va tavsiyalar ishlab chiqish;

    sport turlari bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoalari (yoshlar, o‘smirlar va kattalar) a’zolarining hamda sport-ta’lim muassasalari sportchi o‘quvchi va talabalarining jismoniy rivojlanishi va tayyorgarligi, funksional holati, texnik-taktik va psixologik tayyorgarligini ilmiy jihatdan o‘rganish, monitoring qilish va istiqbolini belgilash;

    ilmiy-innovatsion faoliyat natijalarining transferi va ularni tijoratlashtirish, startap loyihalarni joriy etish orqali yoshlar, olimlar va professor-o‘qituvchilarni jismoniy tarbiya va sport sohasining ilmiy-texnik muammolarini hal etishga jalb qilish;

    jismoniy tarbiya va sport sohasidagi xalqaro va mahalliy tashkilotlarning olimlari, mutaxassislari ishtirokida mahorat darslari, seminar-treninglar, davra suhbatlari, uchrashuvlar, shuningdek, ilmiy-amaliy konferensiyalar va anjumanlar, tanlovlar o‘tkazish.

    11.Quyidagilar:

    2022-2025 yillarda Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar instituti faoliyatini rivojlantirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari (indikatorlari) 6-ilovaga muvofiq;

    Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar instituti faoliyatini yanada takomillashtirish dasturi 7-ilovaga muvofiq;

    Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar instituti tomonidan yangi ishlanma va texnologiyalarni yaratish va joriy etish loyihalarini amalga oshirish dasturi 8-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    Kuzatuv kengashi (A.Ikramov) har bir maqsadli ko‘rsatkichga (indikatorga) erishish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirsin, o‘z yig‘ilishlarida mazkur masalani muhokama qilib borsin.

    12. Belgilansinki:

    Sportni rivojlantirish vazirligi va uning tizimidagi muassasalar Institutning ishlari va xizmatlari (tovarlari) bo‘yicha asosiy buyurtmachi hisoblanadi;

    sportni rivojlantirish vaziri, zarur hollarda, Institutning tashkiliy tuzilmasiga xodimlarning belgilangan umumiy shtat birligi va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritadi;

    Institut respublikadagi barcha jismoniy tarbiya va sport sohasidagi tashkilotlar va muassasalar uchun bazaviy ilmiy-tadqiqot tashkiloti hisoblanadi, Kuzatuv kengashi (A.Ikramov) Institutning ilmiy yutuqlari va innovatsion ishlanmalari joylarda amaliyotga jadal tatbiq etilishiga ko‘maklashadi;

    Institut direktori sportni rivojlantirish vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

    13.Sportni rivojlantirish vaziriga:

    Institut xodimlarining lavozim maoshlariga (tarif stavkalariga) asosiy egallab turgan lavozimi bo‘yicha, qonunchilik hujjatlarida ko‘rsatilgan boshqa qo‘shimchalar va ustamalardan qat’i nazar, Sportni rivojlantirish vazirligining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan ustamalar belgilash;

    Institutni zamonaviy ilmiy-tadqiqot laboratoriya qurilmalari, asbob-uskunalar bilan jihozlash uchun xalqaro moliya institutlari hamda tashkilotlari grantlari, texnik ko‘mak va boshqa tashqi beg‘araz ko‘mak mablag‘larini jalb qilish;

    Institut tadqiqotchilari va mutaxassislarining xorijiy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida malaka oshirishi va stajirovka o‘tashi qiymati hamda shu bilan bog‘liq xarajatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish huquqi berilsin.

    14. Sportni rivojlantirish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Innovatsion rivojlanish vazirligining 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab Institutda “Sport turining alohida yo‘nalishlari” magistratura mutaxassisligi bo‘yicha ta’lim faoliyatini amalga oshirish to‘g‘risidagi taklifi qo‘llab-quvvatlansin.

    Bunda, Institutga talabalarni “Sport turining alohida yo‘nalishlari” magistratura mutaxassisligiga qabul qilish kvotalari har yili Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi.

    Sportni rivojlantirish vazirligi “Sport turining alohida yo‘nalishlari” magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlarni davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida tayyorlashni yo‘lga qo‘ysin.

    15.2023 yil 1 yanvardan boshlab Institutda “Jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlari nazariyasi va metodikasi” ixtisosligi bo‘yicha pedagogika fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini beruvchi Ilmiy kengash tashkil qilinsin.

    16.Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Abduraxmonov):

    Institutda jismoniy tarbiya va sport sohasining dolzarb yo‘nalishlarini o‘rganish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi belgilangan tartibda shakllantirilishini;

    ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida tanlov va ilmiy ekspertiza natijalariga ko‘ra Institutga grantlar ajratilishini;

    2023 yil yakuniga qadar Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Institutning ilmiy va innovatsion loyihalarini moliyalashtirish, shuningdek, laboratoriya jihozlarini xarid qilish uchun mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin.

    17.Universitet va uning filiallari, Oliy sport mahorati instituti hamda Institut faoliyatining samaradorligini yanada oshirish maqsadida O‘quv-ilmiy hamjamiyat tashkil qilinsin.

    Belgilansinki, O‘quv-ilmiy hamjamiyatda Universitet va uning filiallari, Oliy sport mahorati instituti hamda Institut professor-o‘qituvchilari va ilmiy xodimlari, sport-ta’lim muassasalari, sport federatsiya (assotsiatsiya)lari va ilmiy-tadqiqot institutlarida samarali faoliyat yuritayotgan olimlar va ekspertlar tomonidan yaratilayotgan ishlanmalar va metodikalar tajribadan o‘tkaziladi.

    Sportni rivojlantirish vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda O‘quv-ilmiy hamjamiyat faoliyatini samarali tashkil qilsin, shu jumladan:

    sport-ta’lim muassasalari, sport federatsiya (assotsiatsiya)lari va ilmiy-tadqiqot institutlarini O‘quv-ilmiy hamjamiyatga biriktirsin;

    yaratilayotgan ishlanmalar va metodikalarning samaradorligini aniqlash maqsadida sport-ta’lim muassasalari, sport federatsiya (assotsiatsiya)lari va ilmiy-tadqiqot institutlari tarkibidan ilmiy-amaliy guruh shakllantirsin;

    ilmiy-amaliy guruhni mazkur qaror bilan tasdiqlanayotgan yangi ishlanma va texnologiyalarni yaratish va joriy etish loyihalarini ro‘yobga chiqarishga jalb qilsin.

    18.O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda uning filiallari, Oliy sport mahorati instituti hamda Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar institutining o‘qituvchilari va ilmiy xodimlarini xorijiy oliy ta’lim muassasalariga falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini himoya qilish uchun yuborish jadvali 9-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    Belgilansinki:

    xorijiy oliy ta’lim muassasalariga falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini himoya qilish uchun pedagogik-ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan, magistrlik darajasiga ega bo‘lgan iqtidorli va samarali faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlar ochiq tanlov asosida yuboriladi;

    xorijiy oliy ta’lim muassasalariga o‘qituvchi va xodimlarni falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini himoya qilish uchun yuborish bilan bog‘liq xarajatlar “El-yurt umidi” jamg‘armasiga xorijda doktoranturada ta’lim olish dasturlarini moliyalashtirish uchun ajratiladigan mablag‘lar hisobidan qoplanadi.

    Tashqi ishlar vazirligi (V.Norov) Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Ikramov) bilan birgalikda:

    uch oy muddatda mazkur qarorga 9-ilovada ko‘rsatilgan xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan muzokaralar o‘tkazsin va boshqa tashkiliy tadbirlarni kelishsin;

    nomzodlar xorijiy mamlakatlarga viza olishida, konsullik hisobiga qo‘yilishida, notarial va boshqa xizmatlar ko‘rsatilishida, borgan davlatida ularning o‘qishini monitoring qilishda amaliy yordam ko‘rsatsin.

    19.Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Abduraxmonov) 2023 yil 1 yanvardan boshlab ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi talablariga muvofiq o‘tkaziladigan tanlovlarda jismoniy tarbiya va sport sohasiga oid, xususan ommaviy sport, xotin-qizlar sporti va paralimpiya sport turlarini rivojlantirish muammolariga yo‘naltirilgan kamida 10 ta maqsadli fundamental, amaliy va innovatsion loyihalarga grant mablag‘lari ajratsin. Loyiha ijrochilari grant loyihalari tadqiqotlaridan kelib chiqib ajratiladigan mablag‘lar hisobidan ilmiy laboratoriya bazasini rivojlantirish, ilg‘or texnologik jihozlar bilan ta’minlash hamda sohaga oid ilmiy-innovatsion tadqiqotlarni kengaytirish choralarini ko‘rsin.

    20.Toshkent shahar, Yashnobod tumanida 2025 yilda Yoshlar o‘rtasida IV yozgi Osiyo va V Paraosiyo o‘yinlarini tashkil etish uchun qurilayotgan Olimpiya shaharchasiga ushbu o‘yinlar o‘tkazilgandan so‘ng Sportni rivojlantirish vazirligi, tegishli respublika sport federatsiya (assotsiatsiya)lari hamda 2025 yilda o‘z faoliyatini boshlaydigan O‘zbekiston davlat sport akademiyasi joylashtirilsin.

    Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Ikramov) Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2023 yil 1 iyulga qadar Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga mezbonlik qilgan xorijiy davlatlar (Xitoy, Rossiya, Koreya va boshqalar)ning ilg‘or tajribasini o‘rgangan holda O‘zbekiston davlat sport akademiyasi faoliyatini tashkil qilish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

    21. Sportni rivojlantirish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

    22.O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 10-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.

    23. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib sportni rivojlantirish vaziri A.I.Ikramov belgilansin.

    Qaror ijrosini muhokama qilib borish, mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi O.Q.Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.

    O‘zbekiston Respublikasi

    Prezidenti Sh.MIRZIYOEV

    Toshkent shahri,

    2022-yil 3-noyabr