“Jismoniy tarbiya va sport vaziri kubogi”: 3-oʻrin sohibi maʼlum

    Sport 29 Oktabr 2020 904

    “Bunyodkor” futbol akademiyasi maydonlarida boʻlib oʻtayotgan vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari hamda yirik korxona-tashkilotlar xodimlari oʻrtasida futbol boʻyicha “Jismoniy tarbiya va sport vaziri kubogi” musobaqasida 3-oʻrinni egallagan jamoa nomi maʼlum boʻldi.

    Kecha yarim final uchrashuvida musobaqa gʻolibligiga asosiy daʼvogarlardan biri sifatida eʼtirof etilayotgan Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi jamoasi “Xalq banki”ga 3-0 hisobida imkoniyatni boy berib qoʻygandi.

    Yarim finalning yana bir uchrashuvida bunday musobaqalarda ilk marotaba qatnashayotgan Agrosanoat majmuida xizmatlar koʻrsatish markazi DUK jamoasi Davlat bojxona qoʻmitasi ustidan 2-1 hisobida gʻalabaga erishgan edi.

    Kecha finalchilar nomi maʼlum boʻlgach, tabiiyki musobaqaning uchinchi oʻrni uchun bahslashadigan jamoalar ham tayin edi. Bugun boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi hamda Davlat bojxona qoʻmitasi oʻrtasidagi uchrashuvda bojxonachilarning qoʻli baland keldi - 1:4.

    Ertaga, yaʼni 30-oktyabr kuni soat 16:00da “Milliy” stadionda “Jismoniy tarbiya va sport vaziri kubogi”ning final uchrashuvi boʻlib oʻtadi.

    Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

    Matbuot xizmati