Jizzax belbog'li kurash bo'yicha Osiyo chempionatiga mezbonlik qiladi

    Milliy sport turimiz – belbog'li kurash yildan yilga dunyo bo'ylab ommalashib bormoqda. Belbog'li kurash bo'yicha har yili o'tkazilayotgan jahon chempionatlari, xalqaro turnirlar belbog'li kurashning tobora rivojlanishiga xizmat qilayotgani bor gap.

    Yana bir yaxshi yangilik: joriy yilning 20-25-may kunlari Jizzax shahrida kattalar o'rtasida ilk bor belbog'li kurash bo'yicha Osiyo chempionati bo'lib o'tadi.

    Birlashgan kurashlar olami (UWW), Osiyo belbog'li kurash konfederatsiyasi, Jizzax viloyati hokimligi, Jizzax viloyati prokuraturasi, O'zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi, O'zbekiston belbog'li kurash federatsiyasi hamda qator vazirlik va tashkilotlar hamkorligida o'tkazilayotgan ushbu Osiyo chempionatida Hindiston, eron, Indoneziya, Yaponiya, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmaniston kabi 20 ga yaqin davlatdan nomdor polvonlar ishtirok etishi kutilmoqda.

    UWW tasnifiga kiruvchi belbog'li kurash bo'yicha o'tkaziladigan Osiyo chempionatida erkaklar -57,-62,-68,-75,-82,-90,-100 hamda +100 kg. vazn toifasida kuch sinashsa, ayollar -52,-58,-66,-76,+79 kg. vaznlarda bellashadi. Shuningdek, musobaqa doirasida UWW tarkibidagi Qozog'istonning "Qazaq Kuresi" va Qirg'izistonning "Alish" kurash sport turlari bo'yicha ham Osiyo chempionati o'tkaziladi.