Jizzax davlat pedagogika universitetida ijodiy imtihonlar boshlandi

    Abituriyentlarning ota-onalari va ularning yaqinlari ham jarayonlarni onlayn kuzatib bormoqda.

    2024/2025 oʻquv yili qabulida kasbiy (ijodiy) imtihoni mavjud bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga roʻyxatdan oʻtgan abituriyentlar uchun imtihonlar respublika boʻyicha 53 ta oliy taʼlim muassasasida oʻtkaziladi.

    Bugundan Jizzax davlat pedagogika universitetida ham kasbiy (ijodiy) imtihonlar boshlandi. Abituriyentlar tasviriy sanʼat hamda musiqa yoʻnalishi boʻyicha kasbiy (ijodiy) imtihonlarni topshirishga kelishgan.

    — Bugun ertalabdan Jizzax davlat pedagogika universitetida kasbiy (ijodiy) imtihonlar boshlandi. Taʼkidlash joiz, bu yil universitetga kasbiy(ijodiy) imtihon topshirish uchun 1966 nafar abituriyentlar hujjatlarini taqdim etgan. Universitetda abituriyentlarning imtihon topshirishlari va ota-onalar uchun ham barcha sharoitlar yaratilgan. Hujjat taqdim etgan abituriyentlar orasida nogironligi mavjud abituriyentlarimiz ham bor. Soʻzlashishda va nutqida nuqsoni bor yoshlarimizga surdo tarjimonlar orqali barcha maʼlumotlarni yetkazishga harakat qildik, — deydi qabul komissiyasi masʼul kotibi С.Назарқосимов.

    Oliygohda imtihon jarayonlarini adolatli va shaffof oʻtkazilishini taʼminlash maqsadida barcha xonalarga kuzatuv kameralari oʻrnatilgan. Abituriyentlarning ota-onalari va ularning yaqinlari ham jarayonlarni onlayn kuzatib borishmoqda.

    — Gʻallaorol tumanidan nevaramga dalda boʻlish uchun birga keldim, — deydi Soraxon Toshpoʻlatova. Qarshiliklarimizga qaramay nevaram tasviriy sanʼat yoʻnalishini tanladi. Shu yoʻnalish boʻyicha tahsil oldi. Barcha qatori men ham nevaramga omad tilayman. Biz kuzatuvchilarga yaxshi sharoit yaratilgan. Salqin xonalarda oʻtirib, monitorlarda imtihon jarayonlarini kuzatib turibmiz.

    Bugun erta tongdan shasht va ishtiyoq, hayajon bilan imtihonga tashrif buyurgan abituriyentlarni JDPU qabul komissiyasi aʼzolari hamda universitet rahbariyati kutib oldi. Ota-onalari doʻst-yorlari, yaqinlari davrasida imtihon oldi hayajonlari bilan koʻzlari porlab turgan yoshlar uchun imtihon ilk katta hayotga tashlangan qadamdir.