Jizzax ilk bor belbog'li kurash bo'yicha jahon chempionatiga mezbonlik qildi (Сурати Аброрда)

    Joriy yilning 24-27-noyabr kunlari Jizzax shahridagi “So‘g‘diyona” sport majmuasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun 2001-2003-yillarda tug'ilgan o‘smirlar va qizlar o‘rtasida ilk bor jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. Mukofot jamg‘armasi 56 ming AQSh dollari hamda Prezident sovrini – “Cobalt” va “Spark” avtomobili bo‘ldi.

    24-noyabr. Turli davlatlardan kelgan musobaqa ishtirokchilari – polvonlar, murabbiy va hakamlar, belbogʻli kurash boʻyicha konfederatsiya va federatsiya rahbarlari Jizzax shahriga jam boʻldi. Xorijlik mehmonlar Samarqandga yoʻl oldi. Koʻhna, lekin tarixi inson aqlini shoshirib qoʻyadigan obidalar, asori-atiqalarni koʻrgan mehmonlar hayrat yoqasini ushladi. Keyingi turizm manzili Jizzaxning eng soʻlim joylaridan sanalgan Zomin togʻlari boʻldi. Bulutlarga tutash koʻm-koʻk archalar allaqachon archazorga aylanib, yashil oʻrmon koʻrinishiga kelgan. Purviqor choʻqqilarga, tiniq va sharqiroq soylarga, yashillikka burkangan togʻlarga boqqan xorijlik mehmonlarning hayrati yanada ortdi.

    25-noyabr. Jizzax shahridagi “Soʻgʻdiyona” sport majmuasi. Karnay-surnay sadolari olis-olislargada eshitiladi. Bu sadolar belbogʻli kurashga, jahon chempionatiga, sport bayramiga chorlov edi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionati oldidan tantanali ochilish marosimi oʻtkazildi. Marosimda ishtirok etgan mehmonlarga Jahon belbogʻli kurash assotsiatsiyasi, Belbogʻli kurash federatsiyasi hamda Jizzax viloyati hokimligining qimmatbaho esdalik sovgʻalari topshirildi.

    Sportni rivojlantirishga qoʻshayotgan hissasi uchun Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyevga, Jahon belbogʻli kurash assotsiatsiyasi prezidenti Azizbek Gʻaniyevga Turizm va sport vazirligi taʼsis etgan “Jismoniy tarbiya va sport aʼlochisi” koʻkrak nishonini turizm va sport vaziri oʻrinbosari Avaz Karimov topshirdi.

    Shundan soʻng jahon chempionatiga start berildi. Birinchi kungi bellashuvlarda oʻgʻil bolalar belbogʻli kurash yoʻnalishida sakkizta vaznda, qizlar oltita vazn toifasida gʻoliblik uchun kurashdi.

    Musobaqa doirasida matbuot anjumani ham tashkil etildi. Unda Jahon belbogʻli kurash assotsiatsiyasi raisi Azizbek Gʻaniyev assotsiatsiya faoliyati, maqsad va vazifalari xususida axborot berdi. Oʻzbekiston belbogʻli kurash federatsiyasi raisi Ravshan Dastirov, belbogʻli kurash boʻyicha terma jamoa bosh murabbiyi Usmon Maxamatov, Jizzax viloyati turizm va sport bosh boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Inʼomjon Tojiboyev jurnalist va blogerlarning jahon chempionati tafsilotlariga oid savollariga batafsil javob berdi.

    Rossiya, Buyuk Britaniya, Polsha, Marokash, Hindiston, Italiya, Latviya kabi oʻttizga yaqin davlatdan 300 ga yaqin polvonlarning birinchi kundagi belbogʻli kurash yoʻnalishi boʻyicha oʻtkazgan bellashuvlari qizigandan qizidi. Ayniqsa, terma jamoamiz polvonlarining har bir chiqishini muxlislar zoʻr ishtiyoq bilan olqishlab turdi.

    Polvonlarimiz birinchi kuni 13 ta oltin medalni naqd qildi. Undan keyingi oʻrinlar Qozogʻiston, Rossiya, Qirgʻiziston, Tojikiston kabi davlatlarning terma jamoalariga nasib etdi. Dastlabki kungi musobaqa gʻoliblari 10 million soʻm, ikkinchi oʻrin egalari 7 million soʻm, uchinchi oʻrinni olgan polvonlar 5 million soʻm pul mukofoti bilan taqdirlandi.

    26-noyabr. Ertalabdan yana barchanining nigohi “Soʻgʻdiyona” sport majmuasi tomon qaratildi. Ikkinchi kunda polvonlar belbogʻli kurashning erkin yoʻnalishida bellashdi. Murosasiz va shiddatli tus olgan bahslarda bu safar polvonlarimizga oson boʻlmadi. Medallar jamgʻarish boʻyicha Qozogʻiston va Rossiya polvonlari bizga asosiy raqobatchi sanaldi.

    Erkin yoʻnalish boʻyicha bahslar yakunida Qozogʻiston terma jamoasi eng koʻp – beshta oltin medal bilan faxrli birinchi oʻrinni band etdi. Keyingi oʻrinlarni Rossiya hamda Oʻzbekiston terma jamoasi qoʻlga kiritdi. Bu yoʻnalishda ham gʻolib va sovrindorlar xuddi birinchi kungi kuchli uchlik olgan summani tantanali tarzda qabul qildi.

    Musobaqaning birinchi kungi natijalariga koʻra, umumjamoa hisobida birinchi oʻrinni egallagan Oʻzbekiston terma jamoasiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini – “Cobalt” avtomobili berildi. Ikkinchi kungi erkin yoʻnalishda umumjamoa hisobida birinchi oʻrinni egallagan Qozogʻiston terma jamoasiga ham Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini – “Spark” avtomobili topshirildi.

    Musobaqa doirasida Osiyo belbogʻli kurash konfedratsiyasining taʼsis yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda Osiyo belbogʻli kurash konfederatsiyasiga oʻzbekistonlik Moʻmin Murotov rais etib saylandi.

    Ilhom Rahmonov tayyorladi.

    Rashid Galiyev olgan suratlar.