Jizzax qoʻzgʻoloni haqida film suratga olinadi

    Madaniyat 21 Yanvar 2021 6014

    “Oʻzbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga binoan “Ezgu film” studiyasi tomonidan “Boʻysunmas” (“Jizzax qoʻzgʻoloni”) nomli tarixiy-badiiy film suratga olinadi.

    Mazkur film 1916-yili Turkiston oʻlkasida yuz bergan va keyinchalik, tarixda turli nomlar bilan atalgan va turlicha talqin qilingan, aslida esa milliy ozodlik harakati darajasiga qadar koʻtarilgan mahalliy aholi vakillarini mardikorlikka olishga qarshi qoʻzgʻolon hamda uning eng fojiali qismi boʻlmish Jizzax voqealariga bagʻishlanadi. Filmda bosh qahramon Nazirxoʻja eshonning hayoti orqali oʻsha davr voqeliklari koʻrsatib beriladi.

    Ssenariy mualliflari Hasan Toshxoʻjayev, Jahongir Ahmedov, postanovkachi rejissyor Jahongir Ahmedov, postanovkachi operator Rustam Murodov, liboslar boʻyicha rassom Zuhra Gʻaniyeva, postanovkachi rassom Bahriddin Shamsutdinov, rejissyor Otajon Dostonov, prodyuser Zafar Yoʻldoshev.

    Film voqealari Toshkent, Jizzax viloyatlarida hamda Belarus davlatida tasvirga olinadi. Hozirda filmning suratga olish obyektlari bilan tanishish va kasting jarayonlariga tayyorgarlik koʻrilyapti, deb xabar beradi “Oʻzbekkino” Milliy agentligi matbuot xizmati.