Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumani yagona aglomeratsiya asosida rivojlantiriladi

    Qurilish va infratuzilma masalalari muhokama qilinar ekan, ijtimoiy xizmatlar, mehnat bozori va infratuzilmani markazdan uzoq mahallalar aholisiga yaqinlashtirish zarurligi qayd etildi.

    Urbanizatsiya agentligi va viloyat hokimligiga Yevropadan mutaxassislarni jalb qilib, Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumanini yagona aglomeratsiya asosida rivojlantirish boʻyicha master-reja ishlab chiqish topshirildi. Bunda Sharof Rashidov tumani va Jizzax shahri oʻrtasidagi 40 gektar boʻsh maydon tanlab olinadi va keyingi yildan ushbu massivda 1 ming 200 xonadonli 50 ta koʻp qavatli uy quriladi.

    Master-rejada yangi massivda barpo etiladigan bogʻcha, maktab, shifoxona kabi ijtimoiy obyektlar, elektr, suv, yoʻl infratuzilmalari Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumani aholisi uchun birdek xizmat qilishi, ikkita hududni bir-biri bilan bogʻlaydigan yagona jamoat transporti tizimini yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilishi kerak.

    Massiv hududida yagona maʼmuriy markaz qurib, Sharof Rashidov tumanidagi barcha 21 ta davlat tashkilotini shu yerga koʻchirish zarurligi qayd etildi.