Jizzax viloyatida “BYD Uzbekistan Factory” zavodi quriladi

    Sanoat 20 May 2023 4159

    Gibrid avtomobillar ishlab chiqarishga moʻljallangan mazkur zavodni UzAuto hamda BYD Auto hamkorligida quradi.

    OʻzAvtoning hamkor sifatida koʻrib chiqish imkoniyati boʻyicha gigant avtomobil ishlab chiqaruvchisi bilan 2022-yil fevral oyida kelishuvga erishilgan edi.

    “BYD Uzbekistan Factory” qoʻshma zavodi negizida BYD avtomobillari ishlab chiqarilishi joriy yilning kuziga rejalashtirilgan.

    2023-yil 19-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi doirasida “BYD Uzbekistan Factory”muqobil va qayta tiklanadigan energiya manbalari asosida avtomobillar ishlab chiqarish zavodi qurilishiga start berilgandi.

    Ishlab chiqarish maydoni 10,6 gektar boʻlgan “BYD Uzbekistan Factory” zavodi Jizzax viloyatidagi “Jizzax Auto” zavodi negizida tashkil etilib, xalqaro sifat va xavfsizlik standartlariga muvofiq faoliyat koʻrsatib, NEV avtomobillarini ishlab chiqarish boʻyicha ilgʻor texnologiyalarni joriy etish imkonini beradi.

    Zavodning ishlab chiqarish quvvati BYD “Chazor” va “Song Plus” modellarining birinchi bosqichda yillik 50 mingdan ortiq NEV avtomobillarini ishlab chiqarish, shuningdek, toʻliq sikl boʻyicha avtomobillar ishlab chiqarish bazasini yaratish uchun jihozlanadi.

    Bu, oʻz navbatida, korxonada 2 mingdan ortiq yangi ish oʻrinlarini yaratadi.

    Bugungi kunda qoʻshma korxonaning ishlab chiqarish binosi loyihani amalga oshirishni boshlashga toʻliq tayyor.