Oʻrganishlarda Moliya vazirligi Davlat moliyaviy nazorati departamenti, hududiy Monopoliyaga qarshi kurashish boshqarmasi, Davlat soliq boshqarmasi, Qurilish vazirligi va boshqa soha mutaxassislari ham ishtirok etdi.

Ishchi guruhi tomonidan Jizzax viloyat arxitektura va qurilish boshqarmasi maʼmuriy binosining qurilishi yuzasidan oʻtkazilgan tanlov hujjatlari oʻrganilganida, xarid komissiyasi aʼzolari zimmasiga yuklatilgan vazifalarni talab darajasida bajarilmaganligi, tanlov ishtirokchilari va komissiya aʼzolari oʻrtasida affillanganlik xususiyatiga ega aloqalar mavjudligini bila turib, bunga qonuniy munosabat bildirmagani va hujjatlarni soxtalashtirgani aniqlandi.

Taʼkidlash lozimki, Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 5-moddasida manfaatlar toʻqnashuvi mavjud boʻlgan taqdirda, xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va oʻtkazish uchun javobgar boʻlgan shaxs bajariladigan vazifalardan chetlashtirilishi kerakligi koʻrsatilgan.

Shuningdek, mazkur Qonunning 19-moddasida xarid komissiyasi aʼzolari xolis boʻlishi va xarid qilish tartib-taomili gʻolibini tanlashdan shaxsan manfaatdor boʻlmasligi kerakligi, xarid komissiyalari aʼzolarida ishtirokchilar bilan affillanganlik xususiyatiga ega aloqalar mavjud boʻlgan taqdirda, xarid komissiyasining bunday aʼzosi bu masala koʻtarilgan majlisda oʻzini oʻzi rad etishi va mazkur masala boʻyicha ovoz berishda ishtirok etmasligi kerakligi va bu haqida bayonnomada qayd etilishi belgilangan.

Biroq, tanlov komissiyasi aʼzolari qurilish obyekti boʻyicha tanlovda ishtirok etgan barcha talabgorlarning (“Qurilish taʻminoti” koʻp tarmoqli ishlab chiqarish korxonasi, “Kamol” koʻp tarmoqli qurilish korxonasi va “Abduvohid Qurilish Taʻmir” MCHJlar) 100% ulushi tanlov komissiyasi raisi (viloyat hokimining sobiq oʻrinbosari) A.R.ning yaqin qarindoshlariga tegishli boʻlganini bila turib, bunga biron-bir qonuniy munosabat bildirmagan va bayonnomaga bu haqdagi maʼlumot kiritilmagan.

Shuningdek, tanlov hujjatlarini oʻrganish davomida gʻolib deb topilgan “Qurilish taʻminoti” koʻp tarmoqli ishlab chiqarish korxonasi mansabdor shaxslari tanlovda noqonuniy gʻoliblikni qoʻlga kiritish maqsadida korxona moliyaviy koʻrsatkichlari, ishchi xodimlarning qurilish sohasidagi maʼlumoti va ish tajribasi, shuningdek, tanlovda yuqori ball olishda inobatga olinadigan maʼlumotlarni qasddan oshirib koʻrsatilganligi aniqlangan.

Mazkur holatlarga hujjatlarni koʻrib chiqqan xarid komissiyasi aʼzolari qonuniy munosabat bildirish oʻrniga, yigʻilish bayonnomalariga soxta yozuv va maʼlumotlarni kiritish yoʻli bilan qalbakilashtirib, korxonani asossiz gʻolib deb topishgani maʼlum boʻlgan.

Yuqoridagilarning natijasida, tanlovda noqonuniy gʻolib boʻlgan “Qurilish taʻminoti” koʻp tarmoqli ishlab chiqarish korxonasi tomonidan maʼmuriy binoning qurilishida bajarilmagan 1 mlrd.ga yaqin (905 mln. soʻm, yoki obyekt umumiy qiymatining 8%) qurilish ishlarini toʻlovga asos boʻlgan hujjatlarida qoʻshib yozib kiritib, shu miqdordagi davlat byudjeti mablagʻlari talon-toroj qilinganligi maʼlum boʻlgan.

Agentlik tomonidan oʻrganish yakunlari boʻyicha toʻplangan hujjatlar qonuniy baho berilishi uchun Jizzax viloyat prokuraturasiga yuborildi.

Mazkur hujjatlar boʻyicha prokuratura tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshirish yakunlari boʻyicha Jizzax viloyatida qurilishda tanlov savdolari va narxlarni shakllantirish komissiyasi raisi A.R.ga, shuningdek, komissiya va boshqa tashkilotlar, xususiy korxonalar mansabdor shaxslariga nisbatan JKning 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va 205-moddasi 2-qismi “a” bandi, 209-moddasi va 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Holat yuzasidan kelgusida qoʻshimcha axborot taqdim etiladi.