Forish tumani hokimligi axborot xizmati xabariga ko'ra, tumanda 2020 – 2022 yillar davomida 12 108 gektar er maydoni bog'dorchilik va uzumchilikka ixtisoslashtiriladi. SHundan «Narvon» mahallasi hududida 2020 yilda 100 gektar, 2021 yilda 135 gektar, 2022 yilda esa 200 gektar, jami 435 gektar yangi bog'lar tashkil etiladi.
Bog'don, Forish, Mehnatobod hududlarida 11 373 gektar er maydonlari uzumchilikka ixtisoslashadi. SHundan 10 377 gektar yangi tokzorlar barpo etilishi ko'zda tutilgan. Jumladan, Bog'don hududida 2020 yilda 3640 gektar, 2021 yilda 3028 gektar, 2022 yilda 2709 gektar, Mehnatobod hududida 2020 yilda 210 gektar, 2021 yilda 90 gektar, 2022 yilda 200 gektar, Forish hududida 2021 yilda 200 gektar, 2022 yilda 300 gektar yangi tokzorlar barpo etish rejalashtirilgan.
Ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish, er va suv munosabatlarini takomillashtirish, qulay agrobiznes muhitini qaror toptirish, kooperatsiya munosabatlarini rivojlantirishni qo'llab-quvvatlash, sohaga bozor mexanizmlarini, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, shuningdek, ilm-fan yutuqlaridan samarali foydalanish kabi vazifalar ushbu qarorda alohida belgilab berilgan.
Mustaqillik yillarida qishloq xo'jaligida chuqur o'ylangan va uzoqni ko'zlangan islohotlar bosqichma-bosqich o'tkazildi. Biroq, hozirgi vaqtda erlardan samarali foydalanishning maqbul mexanizmlarini yaratish, qishloq xo'jaligi yuritishning samarasiz usullaridan voz kechish, ularning o'rniga bugungi zamon talablariga javob beradigan eksportbop qishloq xo'jaligi mahsulotlarini etishtirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tumanda ixtisoslashuvni, hududlarning geografik joylashuvi, tuproq-iqlim sharoitlari, suv bilan ta'minlanganligi, shuningdek, dehqon va fermerlarning bilim, ko'nikmalari hamda boshqa omillarni e'tiborga olgan holda tadbiq etib, bog'dorchilik va uzumchilikni oqilona joylashtirishni taqozo etadi.
Bir so'z bilan aytganda, tumanda qishloq xo'jaligini diversifikatsiya qilish, hududlarning tuproq-iqlim sharoitlariga mos bog'dorchilik, uzumchilik va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini etishtirishga ixtisoslashtirish orqali ichki va tashqi bozor talablariga javob beradigan raqobatbardosh mahsulotlar etishtirishni ko'paytirishga xizmat qiladi.