Shu munosabat bilan tashkil etilgan marosimida Sogʻliqni saqlash vaziri Behzod Musayev, Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori Davron Toʻlaganov hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Mehmonlar yangi binoda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Jizzax filialida respublikamizda birinchilardan boʻlib qabul-diagnostika boʻlimida “Emergency department” tizimi asosida qoʻshimcha “shok” palatasi — “qizil” zona, kuzatuv palatasi — “sariq” zona va mutaxassislar koʻrigi xonalari — “yashil” zonalar tashkil etildi. Yaʼni endi ogʻir kasallarni toʻgʻridan-toʻgʻri qizil zona — “shok” palatasiga, mutaxassislar koʻrigiga kelganlar “yashil” zonaga, shifokorlar kuzatuvidagilar “sariq” zonaga yoʻnaltiriladi.

Bu maqsadlar uchun qarib 18 mlrd. soʻmlik mablagʻ sarflandi. Shuningdek, zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash uchun 3 mln. AQSH dollari ajratildi.

Farhod NEʼMATOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri