13-yanvar kuni soat 17:20 atrofida Jizzax viloyati Baxmal tumanida elektr taʼminoti korxonasi xodimi tok urishi oqibatida vafot etdi.
Tuman Favqulodda vaziyatlar boʻlimi IIBga xabar berib, unda tumandagi elektr taʼminoti korxonasida elektromontyor sifatida ishlovchi 47 yoshli T.У. “Oyqor” QFY “Sartyuzi” qishlogʻida simyogʻochga chiqqan vaqtida tok urib vafot etganini maʼlum qilgan.
Olib borilayotgan tergovga qadar tekshiruvda hodisa sodir boʻlgan joyga marhum T.У. hamkasbi bilan birga borgani aniqlangan. Ular Baxmal tumani elektr taʼminoti korxonasining “Oyqor” QFY hududiga masʼul xodimlar boʻlib, 13-yanvar kuni “Oyqor” QFY hududida elektr taʼminoti uzilib qolgani uchun ushbu nosoz joyni aniqlash maqsadida tekshiruv olib borayotgan boʻlgan.
Gʻallaorol tumani sud-tibbiy ekspertizasi xulosasida marhum T.U.ning oʻlimi “tananing elektr toki urishi va yonishi” oqibatida yuzaga kelgani koʻrsatilgan. Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.