Jizzaxda elektromobil` ishlab chiqariladi

    Hukumat 10 Yanvar 2023 2518

    Prezident Shavkat Mirziyoev avtomobilsozlik tarmog'ida o'sishni ta'minlash uchun 1 sentyabrga qadar xususiy investorlarni jalb qilib, Jizzaxda elektromobil` ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish bo'yicha topshiriq berdi.

    Shuningdek, Andijonda zamonaviy quyuv sexini, Chirchiqda qishloq xo'jaligi mashinasozlik klasterini to'liq quvvatga chiqarish topshirildi.

    Prezident Murojaatnomasida muhandislarni tayyorlash va qayta tayyorlash alohida vazifa qilib belgilangan.

    Mutasaddi vazirlarga tarmoqlar rahbarlari bilan birgalikda 1 aprelga qadar joylarga chiqib, muhandislik maktablari uchun kollejlar bazasini aniqlash; xorijiy mutaxassislarni jalb qilib, maktablarning yo'nalishlari va dasturlarini ishlab chiqish topshirildi.

    Investitsiya, sanoat va savdo vaziri L.Qudratov oldiga tarmoqlar bilan tizimli ishlash, sanoat kooperatsiyasini kengaytirib, 6 milliard dollarlik mahalliylashtirish loyihalarini amalga oshirish, ishga tushadigan 304 ta strategik va yirik loyihalar ustidan haftalik on-layn monitoringni yo'lga qo'yish topshirildi.

    Bosh vazir o'rinbosari J.Xodjaev tumanlarga borib, hududiy investitsiya dasturlariga kirgan 3 mingga yaqin loyihalarni vaqtida ishga tushirishga javob berishi, mavjud muammolarni joyida tezkor hal etilishini ta'minlash, har bir tuman va shaharda kamida 50 million dollar qo'shimcha investitsiya jalb qilish uchun mas'ul bo'lishi ta'kidlandi.

    Yig'ilish yakunida hudud va tarmoqlar rahbarlarining axboroti tinglandi.