Jizzaxda Futbol akademiyasi tashkil etiladi

    Sport 8 Aprel 2022 2793

    Vazirlar Mahkamasining 6.04.2022-yildagi “Jizzax viloyatida futbolni yanada rivojlantirish va ommalashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 159-son qarori qabul qilindi.

    Hujjat bilan “Sugʻdiyona” va “Sugʻdiyona Vumen” professional futbol klublari huzurida Futbol akademiyasini tashkil etish nazarda tutilgan.

    Akademiya faoliyatini 2022/2023 oʻquv yilidan boshlaydi, bunda oʻquv jarayoni unga eng yaqin masofada joylashgan umumtaʼlim maktablarida tashkil etiladi.

    Quyidagilar Akademiyaning asosiy vazifalari va faoliyati yoʻnalishlari etib belgilandi:

    • yosh istiqbolli sportchilarni tanlab olish va tarbiyalash masalalari boʻyicha bolalar-oʻsmirlar sport maktablari, futbol mahorat maktablari, ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlari bilan uzluksiz hamkorlikni amalga oshirish, ularga oʻquv-uslubiy va meʼyoriy-axborot yordami koʻrsatishni taʼminlash;
    • zarur sport anjomlari va uskunalari bilan jihozlangan oʻquv-mashgʻulot bazalarini yaratish;
    • Akademiya bazasida milliy terma jamoalari va ularning zaxiralari ishtirokida oʻquv-mashq yigʻinlari, respublika va mintaqaviy sport bellashuvlarini tashkil etish hamda muntazam ravishda oʻtkazib borish;
    • Yevropa futbol jamoalari, futbol maktablari, akademiyalari va klublari bilan tajriba almashish boʻyicha hamkorlikni rivojlantirish.

    Akademiya qobiliyatli yosh futbolchilarni tanlab olish va tayyorlash tayyorlashga yoʻnaltirilgan nodavlat sport taʼlim tashkiloti hisoblanadi.

    Akademiyaning umumiy kontingenti 168 nafar oʻquvchini tashkil etadi, har yili tanlov asosida 24 nafar qobiliyatli futbolchilar qabul qilinadi.

    Akademiyada oʻqish muddati 7 yilni tashkil etadi, oʻqish yakunlanganidan soʻng attestat beriladi. Bitiruvchilarga olimpiya va paralimpiya zaxiralari kollejlarida keyingi maxsus, kasb-hunar taʼlimi berilishi taʼminlanadi.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 6.04.2022-yildan kuchga kirdi.