Jizzaxda “GOC-UZ”ning yangi zavodi qurilishi boshlandi

    Sanoat 6 Oktabr 2020 2880

    “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida “Optik tolali aloqa kabellarini ishlab chiqarishni tashkillashtirish” loyihasi doirasida “Global Optical Communication Uzbekistan” (“GOC-UZ”) MCHJ Qoʻshma korxonasining yangi ishlab chiqarish hududida poydevor qoʻyish marosimi boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining oʻrinbosari Jamol Maxsudov, Jizzax viloyati hokimi oʻrinbosari Akrom Rahmonqulov, “Jizzax” EIZ vakillari, “GOC-UZ ” QK xorijiy investorlari, qurilish tashkiloti rahbariyati va xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

    Tantanali marosimda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining oʻrinbosari Jamol Maxsudov shunday dedi:

    — Davlatimiz rahbari har doim avvalo aholi eng koʻp toʻqnash kelayotgan sohalarni raqamlashtirish, odamlarning ogʻirini yengil qilish zarurligini taʼkidlaydi. Shu talabdan kelib chiqib, ishchi guruhlar tomonidan 530 ta hududiy va 280 ta tarmoq loyihasi tayyorlangan.

    Xususan, joriy yil yakunigacha 14 va kelgusi yil birinchi choragida yana 14 tumanda odamlar eng koʻp murojaat qiladigan sogʻliqni saqlash, kadastr, ijtimoiy himoya, qishloq xoʻjaligi, taʼlim yoʻnalishlarini raqamlashtirish boʻyicha 239 ta loyiha amalga oshiriladi.

    “GOC-UZ” yangi ishlab chiqarish korxonasi Oʻzbekiston telekommunikatsiya infratuzilmasi uchun zarur boʻlgan mahsulotlar importi oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqaribgina qolmay, mahalliy aholi, jumladan, Jizzax shahridagi kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari orasidan 100 kishining bandligini taʼminlaydi.

    Optik tolali kabellar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Global Optical Communication Uzbekistan” MCHJ Qoʻshma korxonasiga 2019-yili “Oʻzbektelekom” AK va Janubiy Koreyaning “Global Optical Communication Co. Ltd.” va “Uni Asset Global Co. Ltd.” kompaniyalari bilan birgalikda asos solingan.

    Qoʻshma korxonaning ustav kapitali 11 million dollarni tashkil etadi, shu jumladan:

    - Janubiy Koreyaning kompaniyalari (55%) – 6 050 000 dollar;

    -“Oʻzbektelekom” AK (45%) – 4 950 000 dollar.

    2020-yilda birinchi bosqichda “Global Optical Communication Uzbekistan” QKning “Jizzax” EIZdagi mavjud binosida Koreya, Yaponiya va Xitoy kompaniyalarining zamonaviy uskunalari oʻrnatilgan boʻlib, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarilyapti.

    Hozirgi kunda optik tolali kabellarni Koreya texnologiyasi asosida ishlab chiqarish oʻzlashtirilgan ushbu zavodda koreyalik mutaxassislar faoliyat yurityapti.

    Mavjud ishlab chiqarish quvvatlarida 2020-yilda korxona 10 ming kilometr uzunlikdagi optik tolali aloqa kabellarini ishlab chiqaradi.

    “Jizzax” EIZda “Optik tolali aloqa kabellarini ishlab chiqarishni tashkillashtirish” loyihasining ikkinchi bosqichini amalga oshirish doirasida “Global Optical Communication Uzbekistan” (“GOC-UZ” MCHJ QK), yangi binolarini qurish uchun Koreya Respublikasining “EXIMbank”dan 3,6 million dollar miqdorida kredit mablagʻlari jalb qilindi. Qurilish 2021-yilning birinchi choragida yakunlanishi rejalashtirilgan.

    “GOC-UZ” QK yangi ishlab chiqarish liniyasi foydalanishga topshirilgach, bu yerda korxona Oʻzbekiston telekommunikatsiya tarmoqlari uchun ham, eksport uchun ham 50 ming kilometrgacha optik tolali aloqa liniyalari ishlab chiqariladi.

    Birinchi bosqichda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasi 32% ni, ikkinchi bosqichda esa deyarli 60% ni tashkil qiladi, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.