Jizzax Olimpiya zaxiralari kollejida boʻlib oʻtayotgan bellashuvlarda respublikamizning barcha hududlaridan kelgan 900 nafarga yaqin yosh polvonlar jami 15 ta vazn toifasi boʻyicha gʻoliblik uchun bellashadi.

Oʻzbekiston kurash federatsiyasi, Jizzax viloyati hokimligi, viloyat prokuraturasi hamda viloyat Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan musobaqaning ochilish marosimida oʻzbek kurashining tarixi, milliy maʼnaviyatimizda tutgan oʻrni haqida soʻz bordi.

Taʼkidlanganidek, kurash tarbiya maktabi boʻlib, u insonda halollik, mardlik va yuksak axloq kabi xislatlarni shakllantirishga xizmat qiladi. Ana shu jihatlari bilan kurashimizning dunyo miqyosida nufuzi ortib borayotgani eʼtirof etildi.

Yangilik sifatida jangovar kurash yoʻnalishi boʻyicha koʻrgazmali chiqishlar tomoshabinlar eʼtiboriga havola qilindi.

Chempionatning dastlabki kunida qizlar 44 kilogramm, 48 kilogramm va 52 kilogramm vazn toifalarida gilamga chiqishgan boʻlsa, yoshlar 55 kilogramm, 60 kilogramm va 66 kilogramm vazn toifalarida kurashga tushishdi.

Oʻz vazn toifalarida kuchlilar saralangach, final bellashuvlari boʻlib oʻtdi. Jumladan, qizlar oʻrtasida 44 kilogramm vazn toifasida buxorolik Hamida Fazliyeva gʻolib chiqdi va mamlakat chempioniga aylandi. 48 kilogramm vaznda esa qashqadaryolik Gulhayo Joʻrayevaga munosib raqib topilmagan boʻlsa, 52 kilogramm vaznda poytaxtlik Dillola Dehqonboyeva shohsupaning eng yuqori pogʻonasidan joy oldi.

Jizzax Olimpiya zaxiralari kollejida kurash boʻyicha 2001-2003-yillarda tugʻilgan yoshlar va qizlar oʻrtasida Oʻzbekiston chempionati bahslari davom etyapti, deb xabar beradi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati.