Jizzaxda optik tolali aloqa kabellarini ishlab chiqaruvchi korxonaning yangi zavodi qurilishi boshlandi

    Joriy yilning 5-oktyabr kuni “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida “Optik tolali aloqa kabellarini ishlab chiqarishni tashkillashtirish” loyihasi doirasida “Global Optical Communication Uzbekistan” (“GOC-UZ”) MCHJ Qoʻshma korxonasining yangi ishlab chiqarish hududida poydevor qoʻyish marosimi boʻlib oʻtdi.

    Optik tolali kabellar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Global Optical Communication Uzbekistan” MCHJ qoʻshma korxonasiga 2019-yili “Oʻzbektelekom” AK va Janubiy Koreyaning “Global Optical Communication Co. Ltd.” va “Uni Asset Global Co. Ltd.” kompaniyalari bilan birgalikda asos solingan.

    Qoʻshma korxonaning ustav kapitali 11 million AQSH dollarini tashkil etadi, shu jumladan:

    • Janubiy Koreyaning kompaniyalari (55%) – 6 050 000 AQSH dollari;
    • “Oʻzbektelekom” AK (45%) – 4 950 000 AQSH dollari.

    2020-yilda birinchi bosqichda “Global Optical Communication Uzbekistan” QKning “Jizzax” EIZdagi mavjud binosida Koreya, Yaponiya va Xitoy kompaniyalarining zamonaviy uskunalari oʻrnatilgan boʻlib, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.

    Hozirgi kunda ushbu zavodda koreyalik mutaxassislar faoliyat yuritmoqdalar. Optik tolali kabellarni Koreya texnologiyasi asosida ishlab chiqarish oʻzlashtirilgan.

    Mavjud ishlab chiqarish quvvatlarida 2020-yilda korxona 10 ming km uzunlikdagi optik tolali aloqa kabellarini ishlab chiqaradi.

    “Jizzax” EIZda “Optik tolali aloqa kabellarini ishlab chiqarishni tashkillashtirish” loyihasining ikkinchi bosqichini amalga oshirish doirasida “Global Optical Communication Uzbekistan” (“GOC-UZ” MCHJ QK), yangi binolarini qurish uchun Koreya Respublikasining “EXIMbank”dan 3,6 million AQSH dollari miqdorida kredit mablagʻlari jalb qilindi. Qurilish 2021-yilning birinchi choragida yakunlanishi rejalashtirilgan.

    “GOC-UZ” QK yangi ishlab chiqarish liniyasi foydalanishga topshirilgandan soʻng, korxona Oʻzbekiston telekommunikatsiya tarmoqlari uchun ham, eksport uchun ham 50 ming km gacha optik tolali aloqa liniyalarini ishlab chiqaradi. Birinchi bosqichda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasi 32%ni, ikkinchi bosqichda esa 60% gacha yetkaziladi.

    — Prezidentimiz shu yilning 22-sentyabr kuni tarmoq va hududlarda raqamli iqtisodiyot hamda elektron hukumatni joriy qilish masalalari boʻyicha oʻtkazgan videoselektor yigʻilishida raqamli iqtisodiyotsiz mamlakat iqtisodiyotining kelajagi yoʻqligini alohida taʼkidladi, dedi — Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining oʻrinbosari Jamol Mahsudov. — Butun dunyoda raqamli texnologiyalar barcha soha va odamlar hayotiga jadal kirib bormoqda. Bu yoʻnalishga oʻz vaqtida kirishgan davlatlar rivojlanib, aksincha, eskicha ishlaganlar taraqqiyotdan orqada qolyapti. Davlatimiz rahbari doim avvalo, aholi eng koʻp toʻqnash kelayotgan sohalarni raqamlashtirish, odamlarning ogʻirini yengil qilish zarurligini taʼkidlaydi. Shu talabdan kelib chiqib, ishchi guruhlar tomonidan 530 ta hududiy va 280 ta tarmoq loyihasi tayyorlangan. Xususan, joriy yil yakunigacha 14 ta, kelgusi yilning birinchi choragida yana 14 ta tumanda odamlar eng koʻp murojaat qiladigan sogʻliqni saqlash, kadastr, ijtimoiy himoya, qishloq xoʻjaligi, taʼlim yoʻnalishlarini raqamlashtirish boʻyicha 239 ta loyiha amalga oshiriladi.

    Oʻzbekistonning raqamli iqtisodiyotini rivojlantirish uchun zamonaviy yuqori tezlikdagi va ishonchli telekommunikatsiya tarmogʻi zarur. Bugungi kunda Oʻzbekiston mis aloqa liniyalaridan optik tolali aloqa liniyalariga faol tarzda oʻtmoqda va bu telekommunikatsiya tarmoqlarining ishonchliligi va tezkorligini taʼminlash barobarida sifatini ham oshiradi.