Jizzaxda Osiyo chempionati bo'yicha belbog'li kurash chempionati yakunlandi

    Eslatib o'tamiz, chempionat O'zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Jizzax viloyat hokimligi, viloyat prokuraturasi, Osiyo belbog'li kurash konfederatsiyasi, O'zbekiston belbog'li kurash federatsiyasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi.

    Chempionatning so'nggi kunida Birlashgan kurashlar olami (UWW) tarkibidagi belbog'li kurash, alish hamda qozoq kuresi bo'yicha Osiyo chempionati doirasida qozoq kuresi bo'yicha erkaklar va ayollar o'rtasidagi bellashuvlar o'tkazildi. Unda 100 sportchi ishtirok etdi.

    Demak, qozoq kuresi bo'yicha chempionlar bilan tanishamiz: Xurshidbek Choriyev (O'zbekiston, 55 kg.), Ernur Suleyman (Qozog'iston, 60 kg.), Manusher Shirinov (O'zbekiston, 66 kg.), Zumazxan Kozambekov (Qozog'iston, 74 kg.), Umid Esonov (O'zbekiston, 82 kg.), Surush Karimov (Tojikiston, 90 kg.), Marat Baikarimov (Qozog'iston, 100 kg.), Nurdaulet Zaryulgapov (Qozog'iston, +100 kg.).

    Ayollar: Ulbusin Hakimova (O'zbekiston, 48 kg.), Aruzxan Adazxan (Qozog'iston, 52 kg.), Rauza Nurmahmadiyeva (Qozog'iston, 56 kg.), Ibodatxon Agazxonova (O'zbekiston, 60 kg.), Muxlisaxon Qodirberganova (O'zbekiston, 65 kg.), Roza Nusantakyazu (Qozog'iston, 70 kg.), Filura Ergasheva (O'zbekiston, 77 kg.), Albina Bakieva (Qozog'iston, +77 kg.).

    Umumjamoa hisobida ayollar o'rtasida 4 oltin, 2 kumush, 1 bronza medal bilan O'zbekiston terma jamoasi birinchi o'rinni egalladi. 3 oltin, 2 kumush va 2 bronza medal bilan Qozog'iston ayollar terma jamoasi ikkinchi bo'ldi.

    Erkaklar o'rtasida umumjamoa hisobida Qozog'iston terma jamoasi 4 oltin, 2 kumush, 1 bronza medal bilan birinchi o'rinni band etdi. 3 oltin, 1 tadan kumush va bronza medaliga sazovor bo'lgan terma jamoamiz esa faxrli ikkinchi o'rinni egalladi.

    Qozoq kuresi bo'yicha Osiyo chempionati yakuniga etgach, kuchli uchlikdan joy olgan polvonlar diplom, medal` va pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

    Belbog'li kurash bellashuvlarida esa erkaklar terma jamoamiz 7 oltin, 4 kumush, 2 bronza medal jamlab, Osiyo chempionatida etakchilik qilgan bo'lsa, ayollar terma jamoamiz ham 5 oltin, 2 kumush, 2 bronza medalga sazovor bo'lib, umumjamoada hisobida birinchi o'rin sohiblariga aylandi.